Tarmoqlarda yomon xotiralar yurakka zarar yetkazishi, hatto insultga olib kelishi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi.
HUKM: QISMAN ROST
Daichi Shimbo — Kolumbiya universiteti Irvin tibbiyot markazining kardiologiya bo‘limi professori, yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotida g‘azab kabi salbiy his-tuyg‘ularning yurak va qon tomirlari tizimiga qanday ta’sir qilishini o‘rganib chiqdi. Tadqiqot 2024-yilda “Journal of the American Heart Association” jurnalida e’lon qilindi.
Shimbo va uning jamoasi tomonidan olib borilgan tadqiqot, salbiy his-tuyg‘ularning, xususan, g‘azabning qon tomirlarining normal ishlashiga qanday ta’sir qilishini o‘rganishga qaratilgan edi. Tadqiqotda ishtirokchilar 8 daqiqa davomida turli his-tuyg‘ularni keltirib chiqaradigan vaziyatlarga duch kelishdi. Bular quyidagilarni o‘z ichiga olgan:
- G‘azab: ishtirokchilarga o‘zlarini g‘azablantirgan shaxsiy voqeani eslash topshirildi.
- Tashvish: tashvishli holatni eslash.
- Qayg‘u: depressiv va qayg‘uli jumlalarni o‘qish.
- Neytral: his-tuyg‘ularga ta’sir qilmaydigan harakat (100 gacha sanash).
Tadqiqotda ishtirokchilarni his-tuyg‘ularga asoslangan vaziyatlarga duch kelishdan oldin 30 daqiqa davomida dam olishga chaqirishdi. Keyin, ularning qon bosimi, yurak urishi, qon oqimi va tomir kengayishi o‘lchandi. Tadqiqotchilar, xususan tomirlarning kengayishini o‘lchab, tomirlar qanday reaksiya berishini tahlil qilishdi.
Natijalarga ko‘ra, g‘azabni eslash qancha davom etganiga qarab, qon tomirlarining kengayishi sekinlashdi va ular uzoq muddat davomida o‘z faoliyatini tiklay olmadi. Bu esa g‘azabning qon tomirlariga zarar yetkazishi va yurak xastaligi xavfini oshirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tadqiqotchilar, g‘azabning vaqtincha miya va qon tomirlaridagi o‘zgarishlarni keltirib chiqarishini va bu o‘zgarishlarning uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishini aniqladilar. Biroq, g‘azabni eslashdan keyingi zararlar faqat 40 daqiqagacha davom etgan.
Shuningdek, tadqiqotda tashvish va qayg‘u kabi salbiy his-tuyg‘ularni eslash qon tomirlarining ishlashiga sezilarli ta’sir qilmaganini ko‘rsatdi. Tadqiqotning asosiy xulosasi shuki, g‘azabning doimiy yoki ko‘p bo‘lishi yurak va qon tomirlarining salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar, salbiy his-tuyg‘ularning boshqarilishi yoki ularni yengishning yurak sog‘ligiga yordam berishini aniqlashdi.
G‘azabni boshqarish bo‘yicha maslahatlar:
- Dam olish: chuqur nafas olish, vizualizatsiya mashqlari va yoga kabi harakatlar asabiy daqiqalarni yengillashtirishi mumkin.
- Muhitni o‘zgartirish: sizning muhitingiz asabiylashtirishi mumkin. Xotirjam muhitda tinch vaqt o‘tkazishni rejalashtirishni unutmang.
- Hazil qilish: yaxshi bir kulgi ko‘pincha g‘azabni yumshatishi mumkin.
- Yaxshi muloqot qilish.
Yana qo‘shimcha qilib, shuni aytishimiz mumkinki, hattoki yashirin insult ham xotira va fikrlashga yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yashirin insult — bu miyaning ba’zi qismlarida qon oqimi to‘xtashi yoki kamayishi natijasida yuzaga keladigan, ammo sezilarli simptomlarga olib kelmaydigan insult turidir. Yashirin insultlari ko‘pincha odamlar tomonidan sezilmaydi, chunki ularning ta’siri jismoniy jihatdan ko‘rinmaydi. Ammo ular miyaning xotira va boshqa kognitiv (aqliy) funksiyalariga zarar yetkazishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan, yashirin insultlar ko‘payib, xotira va fikrlash qobiliyatini yomonlashtirishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yashirin insultlar uzoq muddatda jiddiy miya muammolariga olib kelishi mumkin.
2024-yil 3-yanvar kuni “Neurology” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda 650 nafardan ortiq odamni o‘rganishdi. Tadqiqotda MRX skanerlari yordamida ishtirokchilarning miya qon ta’minotidagi uzilishlar tekshirildi. Natijada, ishtirokchilarning 170 nafardan ortig‘ida miyaning ba’zi joylarida qon yetishmovchiligi tufayli kichik o‘lik to‘qimalar aniqlangan. Bu to‘qimalar odatda miya qismida qon oqimi to‘xtagan joylarda hosil bo‘lgan, ammo odamlar bu jarayonni sezmagan.Tadqiqotchilar shuni aniqladiki, bu o‘lik to‘qimalar xotira va fikrlash qobiliyatiga ta’sir qilgan. Xotira bilan bog‘liq muammolar miya qismidagi hipokampus qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan holda yuzaga kelgan. Tadqiqotchilar yashirin insultlar vaqt o‘tishi bilan miya funktsiyalarini yomonlashtirib, ko‘proq xotira muammolariga olib kelishini ta’kidlashdi.