Ijtimoiy tarmoqlar va axborot saytlarida koronavirusga qarshi vaksinalarning nojo‘ya ta’sirlari haqidagi xabarlar tarqalmoqda (1, 2, 3). Mart oyining oxirida tarqala boshlagan xabarlarda COVID-19 vaksinalarining sog‘liqqa nojoʻya ta’sirlarini aniqlash uchun o‘tkazilgan va 99 million emlangan odamning ma’lumotlarini qamrab olgan yirik tadqiqot haqida so‘z boradi. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, emlanishdan so‘ng ayrim kasalliklarning rivojlanish xavfi barchada keskin oshgan ekan: jumladan, miokardit 610%, o‘tkir ensefalomiyelit 378%, sinus trombozi 32,3% va Giyen-Barre sindromi 249% ga ortgani yozilgan.
HUKM: MANIPULYATSIYA
COVID-19 vaksinalarining xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi ularning keng ko‘lamda ishlab chiqarilishi va dunyo bo‘ylab qo‘llanilishi bilan parallel kechmoqda. Bu muhokamalar ko‘pincha vaksinalarga oid ilmiy tadqiqotlarni noto‘g’ri yoki o‘zgartirib talqin qilish bilan ham avj olib ketadi. Yuqoridagi kabi mazmundagi xabarlar 2024-yildayoq tarqala boshlagan edi (1, 2).
Haqiqatdan ham 99 million inson ishtirok etgan tadqiqot bormi?
Yuqoridagi xabarlarning aksarida manba sifatida 99 million emlangan odamni qamrab olgan tadqiqot ko‘rsatiladi. Bu tadqiqot haqiqatdan ham mavjud. Tadqiqot nomi «COVID-19 vaccines and adverse events of special interest: A multinational Global Vaccine Data Network (GVDN) cohort study of 99 million vaccinated individuals” (“COVID-19 vaksinalari va alohida e’tibor talab qiladigan nojo‘ya ta’sirlar: 99 million emlanganlarni qamrab olgan xalqaro Global Vaccine Data Network (GVDN) kogorta tadqiqoti”) bo‘lib, 20 dan ortiq mualliflar tomonidan Vaccine jurnalida 2024-yil fevral oyida e’lon qilingan. Tadqiqotning elektron nusxalari ResearchGate onlayn kutubxonasiga fevral oyida, ScienceDirect va PubMed platformalariga esa 2024-yilning 2-aprelida yuklangan. Ushbu tadqiqot bugungi kunga qadar o‘tkazilgan eng keng qamrovli global vaksina xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot hisoblanadi. Unda Avstraliya, Argentina, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Yangi Zelandiya va Shotlandiya kabi sakkiz mamlakatdagi 10 ta markazdan 24 nafar tadqiqotchi ishtirok etgan. Tadqiqotni Global Vaccine Data Network (GVDN) tashkiloti amalga oshirgan bo‘lib, bu xalqaro tarmoq sog‘liqni saqlash bo‘yicha katta ma’lumotlar to‘plamlaridan foydalangan holda vaksinalar xavfsizligi va samaradorligini baholashga ixtisoslashgan.
Bu tadqiqot qanday metadologiyaga asoslangan?
GVDN (Global Vaksina Maʼlumotlari Tarmogʻi) tadqiqotining metadologiyasi kuzatuvga asoslangan kogort tadqiqoti dizayniga (maʼlum bir guruh odamlarni, ya’ni emlanganlarni vaqt o‘tishi bilan kuzatib borish usuliga) tayangan.
Tadqiqotda quyidagicha amalga oshirilgan:
- Juda kam uchraydigan 13 ta nojo‘ya taʼsirning (AESI) emlangan odamlar orasida qanchalik tez-tez uchragani hisoblangan;
- Bu ko‘rsatkichlar COVID-19’ga qarshi emlash boshlanishidan oldingi davrdagi sogʻliqni saqlash maʼlumotlaridan olingan kutilgan ko‘rsatkichlar (yaʼni, vaksina olmagan insonda bu 13 ta nojo‘ya taʼsir odatda qanchalik tez-tez uchrashi mumkinligi) bilan solishtirilgan;
- Taqqoslashni aniqroq qilish uchun bu kutilgan ko‘rsatkichlar yosh va jins bo‘yicha alohida guruhlarga ajratilgan (stratifikatsiya qilingan).
Tadqiqotda jami 99,068,901 nafar emlangan shaxsning maʼlumotlari tahlil qilingan. Bu odamlar:
- 183,559,462 doza Pfizer-BioNTech (BNT162b2) vaksinasini,
- 36,178,442 doza Moderna (mRNA-1273) vaksinasini,
- 23,093,399 doza Oxford-AstraZeneca/Hindiston Serum Instituti (ChAdOx1) vaksinasini olishgan.
Nojo‘ya taʼsirlar (AESI) yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf davri deb emlashdan keyingi 42 kunlik muddat olingan.
Tadqiqotchilar har bir nojo‘ya taʼsirning (AESI) emlashdan keyingi nisbiy xavfini (yaʼni, emlanmaganlarga nisbatan xavf qanchalik oshganini yoki kamayganini) baholash uchun kuzatilgan va kutilgan ko‘rsatkichlar nisbatini (OE nisbati) hisoblab chiqqanlar. Bu nisbat nojo‘ya taʼsir emlangan insonlarda emlanmagan holatdagi insonga qaraganda qanchalik ko‘p (yoki kam) uchraganini ko‘rsatadi. Bu hisoblash 95% ishonch oraligʻi bilan qilingan (bu hisoblangan natijaning qanchalik aniqligini ko‘rsatuvchi oraliq).
Olimlar vaksina xavfini baholash uchun emlashdan keyin kuzatilgan nojo‘ya holatlar sonini (“kuzatilgan”) emlash boshlanishidan oldingi odatiy (“kutilgan” yoki “fon”) ko‘rsatkichlar bilan solishtirishadi. Agar kuzatilganning kutilganga nisbati (OE koeffitsiyenti) 1 dan oshsa, bu hodisa kutilganidan ko‘proq uchrayotganini anglatadi. Mazkur tadqiqotda 1,5 dan yuqori ko‘rsatkich xavfsizlik bo‘yicha potensial signal sifatida ko‘rilib, qo‘shimcha o‘rganish uchun asos bo‘ladi. Shuni taʼkidlash kerakki, bu koeffitsiyentning 1 dan (yoki 1,5 dan) yuqori bo‘lishi vaksina aynan o‘sha nojo‘ya hodisaga sabab bo‘lganini isbotlamaydi. Bu shunchaki bir bogʻliqlik bo‘lishi mumkinligini va yana o‘rganish zarur ekanligini ko‘rsatadigan belgidir.
Xavf darajasi oshishining qiyosiy tahliliKasallik xavfining keskin oshgani haqidagi da’volarni to‘g‘ri baholash uchun GVDN tadqiqoti natijalari bilan taqqoslash muhimdir. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, go‘yoki vaksina olgan barchada miokardit, o‘tkir ensefalomiyelit, sinus trombozi va Giyen-Barre sindromi xavfi keskin oshishi mumkin ekan. Olimlar COVID-19ʼga qarshi ayrim vaksinalar (ChAdOx1 va mRNA-1273) yuborilgandan so‘ng ba’zi juda kam uchraydigan kasalliklar (nojo‘ya ta’sirlar) qanchalik ko‘p kuzatilganini o‘rganishdi. Yuqorida tushuntirganimizdek, ular vaksinadan oldin bu kasalliklar odatda qancha odamda uchrashini (kutilgan holatlar soni) va vaksina olgandan keyin haqiqatda qancha odamda aniqlanganini (kuzatilgan holatlar soni) solishtirishgan.

(* Foizli o‘sish (OE koeffitsiyenti – 1) * 100% formula bilan hisoblanadi. Masalan, miokardit uchun OE nisbati 6.10 bo‘lsa, bu kuzatilgan ko‘rsatkich kutilganidan 6.10 marta yuqori ekanligini anglatadi. Bu esa xabarlarda keltirilganidek 610% emas, balki 510% o‘sishni ko‘rsatadi. Xuddi shunday, Giyen-Barre sindromi uchun OE nisbati 2,49 bo‘lsa, bu 249% emas, balki 149% o‘sishni bildiradi. Sinus trombozida ham 3.23 nisbati 32.3% emas (xabarlarda kamaytirib ko‘rsatilgan), 223% ni anglatadi).
Tushunish osonroq bo‘lishi uchun muhim nuqtalarni keltiramiz:
Giyen-Barre sindromi (GBS) – nerv tizimiga ta’sir qiluvchi kasallik:
- ChAdOx1 (AstraZeneca) vaksinasining birinchi dozasidan keyin o‘rganilganda: 76 kishida GBS kuzatilishi kutilgan, ammo vaksina olgan 12 milliondan ortiq kishi orasida 190 ta GBS holati aniqlangan;
- Bu kutilganidan taxminan 114 taga ko‘proq degani.
Eslatma: Bu holat AstraZeneca vaksinasining 1-dozasidan 12 milliondan ortiq doza yuborilganidan keyin kuzatilgan. Millionlab odamlar fonida 114 ta qo‘shimcha holat kichik ko‘rsatkich hisoblanadi, ya’ni har bir emlangan odam uchun bu asoratlarning namoyon bo‘lish xavfi juda pastligicha qolmoqda.
O‘tkir ensefalomiyelit (ADEM) – miya va orqa miya yallig‘lanishi:
- mRNA-1273 (Moderna) vaksinasining birinchi dozasidan keyin: 2 kishida ADEM kuzatilishi kutilgan, ammo taxminan 10,5 million doza yuborilgandan so‘ng 7 ta holat aniqlangan;
- Bu kutilganidan 5 taga ko‘proq.
Eslatma: 10,5 million doza yuborilganini hisobga olsak, 5 ta qo‘shimcha holat ham juda kam sonni tashkil etadi.
Sinus trombozi (MVST) – miya tomirlarida qon lahtasi hosil bo‘lishi:
- ChAdOx1 (AstraZeneca) vaksinasining birinchi dozasidan keyin: 21 ta holat kutilgan, ammo 69 ta holat kuzatilgan;
- Bu kutilganidan 48 taga ko‘proq.
Eslatma: Bu ham AstraZeneca vaksinasining 1-dozasidan 12 milliondan ortiq foydalanilgandan keyin kuzatilgan, shuning uchun qo‘shimcha holatlar soni umumiy emlanganlar soniga nisbatan juda oz.
Miokardit – yurak mushaklarining yallig‘lanishi:
- Tadqiqotda mRNA-1273 (Moderna) vaksinasining ikkinchi dozasidan keyin miokardit holatlari kutilganidan ko‘proq (nisbatan 6.10 baravar) kuzatilgani aytilgan. Pfizer/BioNTech vaksinasida esa 1-dozada OE nisbati 2.78 (178 foiz, xabarda da’vo qilinganidek 610% emas) ekanligi aniqlangan;
Eslatma: miokarditga chalinishning vaksinalardan so‘ng nisbiy xavfi oshgan bo‘lsa-da, millionlab emlanganlar orasida kasallanganlarning aniq soni juda kamni tashkil etadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha “xavf falon baravar yoki foiz oshdi” degan raqamlarga urgʻu beriladi. Masalan, Moderna vaksinasining 2-dozasidan keyin miokardit uchun xavf 6.10 baravar oshgani aniqlangan. Bu yirik raqamdek eshitilishi mumkin. Lekin aslida bu shuni anglatadiki, agar avval vaksina olmagan million odamdan 1 kishida miokardit kutilgan bo‘lsa, endi vaksina olgach esa million odamdan 6 kishida kuzatilishi mumkin. Ha, nisbatan oshish bor, lekin million odamga 6 ta holat – bu mutlaq jihatdan juda past ko‘rsatkich. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar ko‘pincha mana shu “millionlab odamlar” degan kontekstni yoki “mutlaq son juda kichik” ekanligini atayin yashirib yoki keltirmasdan o‘tadi. Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, COVID-19’ga chalinish vaksinaning kamdan-kam uchraydigan salbiy ta’siridan ko‘ra ancha xavfliroq. Masalan, kasallikdan so‘ng yurak muammolari (miokardit) emlashdan keyingiga nisbatan taxminan 4 barobargacha, asab tizimi bilan bog‘liq muammolar esa 617 barobar ko‘proq uchragan. Mualliflardan biri vaksinalar kasallikni og‘ir kechishining oldini olishda samarali bo‘lib, jiddiy nojo‘ya ta’sirlar esa haqiqatan ham juda kam kuzatilishini aytib o‘tgan. Albatta, bunday keng ko‘lamli tadqiqotning o‘ziga xos kamchiliklari mavjud: turli mamlakatlardan olingan ma’lumotlar sifati farqlanishi mumkin, odamlarning barcha xususiyatlari (masalan, boshqa kasalliklar yoki genetik omillar) to‘liq hisobga olinmagan va ayrim muhim holatlar haqida xabar berilmagan bo‘lishi ehtimoli bor. Shu sababli, mualliflar ba’zi xavflar tadqiqotda aniqlanganidek bo‘lib chiqmasligini inkor etishmaydi.