O‘zbekistonning xalqaro reytingdagi o‘rni pastlamoqda: korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘li qanday?

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida hukumat tomonidan muayyan ritorika va keskin harakatlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bu illat jamiyatning jiddiy muammosi bo‘lib qolmoqda. Xususan, Transparency International tashkilotining 2024-yilgi Korrupsiyani idrok etish indeksi (CPI) natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 100 ballik shkalada atigi 32 ball to‘plab, 180 davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilgi 33 ballik natijaga nisbatan pasayish bo‘lib, so‘nggi 12 yil ichida ilk bor korrupsiyani idrok etish darajasida salbiy dinamika kuzatildi. Bu esa mamlakatda tizimli firibgarlik va poraxo‘rlik muammosi rivojlanib kelayotganidan dalolat beradi. 

Aynan shu kabi dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida joriy yilning 5-aprel kuni Toshkentda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi va “Vatandosh” intellektual klubi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda siyosatshunoslar, jurnalistlar, huquqshunoslar va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ekspert Qodir Quliyev, davlat xaridlari mutaxassisi Kamol Niyozov, taʼlim yoʻnalishidagi ekspert Azamat Akbarov va huquqshunos Abdurahmon Tashanov kabi spikerlar korrupsiyaning sabablari, oqibatlari va unga qarshi kurash yo‘llariga doir o‘z tahliliy chiqishlarini qilishdi. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan uchrashuvda fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki va o‘zaro hamjihatlik («solidarnost») zarurati alohida ta’kidlandi. Quyida o‘z sohasining mutaxassislari tomonidan bildirilgan fikrlardan muhim nuqtalarni keltiramiz:

Hamid Sodiq, 

siyosatshunos

“Tadbirda spikerlarimiz bildirayotgan har bir fikr bu “solidarlik” degan tushuncha bilan bog‘liq, ya’ni barcha bir-birini qo‘llab-quvvatlashi kerakligi. Biz ko‘pincha davlatning tub mohiyatini anglab yetmasdan turib korrupsiyani muhokama qilmoqchi bo‘lamiz. Davlat – bu eng katta, buyuk taqsimlovchi. Ma’lum bir hududda resurslarni eng katta taqsimlovchi kim desangiz, davlat deymiz. Biz barchamiz unga irodamizni berganmiz, u olgan va shu asosda resurslarni taqsimlaydi. U hokimiyat resurslari va tabiiy resurslarni taqsimlaydi, qayerda taqsimlash bor bo‘lsa, uning tabiatida korrupsiya ham mavjud bo‘ladi, bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Demak, davlatning tabiatida korrupsiya bor va u doimiy nazoratda turishi kerak. Istalgan davlatni misol keltiring, AQSh bo‘ladimi yoki Daniya kabi korrupsiyadan eng uzoq davlatlar, ular ham osongina korrupsiya botqog‘iga tushib qolishi mumkin. Shu sabab bu illatga qarshi kurashda davlatning taqsimovchilik sifatidan kelib chiqib munosabat bildirishimiz kerak. 

Korrupsiya masalasiga qoida tariqasida uch xil tomondan qaraymiz: jinoyat sifatida, qadriyat sifatida va tizim sifatida. Jinoyat sifatida qarovchi davlatlar jazo choralarini ko‘radi va bu ish beradi. Butun mamlakat bu illatni jinoyat deb biladi, qadriyat jihatidan ham, tizim jihatidan ham qoralaydi. Agar u ijtimoiy qadriyat bo‘lsa, bu jamiyatning turmush tarziga, axloqiga singib ketgan bo‘ladi va tug‘ilishdan tortib maktab bosqichlarida ham normal qabul qilinaveradi. Uchinchisi, korrupsiya agar tizim darajasiga yetgan bo‘lsa, u funksiya (vazifa) bajarayotgan bo‘ladi va unga jinoyat deya qaray olmaymiz, jinoyat deb qarasak, u bizga aytadi: “Kecha-yu kunduz sen uchun xizmat qilyapman-ku”, – deb. Korrupsiya jinoyat emas, balki tizimning bir qismiga aylandimi, demak, unga qarshi kurashish uchun yangi tizim taklif qilish kerak. Yangi tizimni esa yangi elita taklif qiladi. Polshadagi Lex Valensa yoki Gruziyadagi Mixail Saakashvilidek korrupsiyaga qarshi keskin kurashadigan elita paydo bo‘lmaguncha hech narsa o‘zgarmaydi. Qodir Quliyev kabi tadqiqotchilar korrupsiya haqidagi muhim pundamental masalalar haqida ish olib boradi va biz kabi boshqalar uni ommalashtiramiz, shu orqali tizimni o‘zgartirishga qarab qadam qo‘yiladi. Shu o‘rinda bir izoh, elitar qatlam vakili bu o‘z g’oyasini tarozining birinchi pallasiga, ikkinchisiga esa o‘limni qo‘yadi. Mana shu orqali elita shakllanadi deb hisoblayman”. 

Qodir Quliyev, 

korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ekspert 

“Korrupsiyani tushunish uchun shunday metafora ishlataman: tasavvur qiling – to‘y-hasham bo‘lyapti, yuzlab odamlar och holatda davrada osh suzilishini kutyapti. Ammo qozon boshida kostyum-shimli, qora ko‘zoynakli 4-5 kishi oshning eng yog‘li joylaridan, eng serob go‘shtlaridan suzib, olib ketyapti. Ya’ni, bir to‘da kamchilik ko‘pchilikka yetib borishi kerak bo‘lgan ne’matlarni o‘zlariga olib, xalqqa yetib boradigan massani kamaytirmoqda. Xuddi shunday, O‘zbekistonda korrupsiya doimiy muammo bo‘lib qolmoqda. Bosh prokuratura 2024-yilda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 4904 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan – bu 2023-yilgi 3575 ta holatdan 37,2 foiz ko‘pdir. Ushbu mansabdor shaxslar turli vazirliklarda, shuningdek, viloyat va mahalliy boshqaruv organlarida lavozimlarni egallaganlar. Ularning aksariyati davlat mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish va talon-toroj qilish, poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa jinoiy huquqbuzarliklar bilan ayblanganlar. Yetkazilgan zarar qariyb 277 million dollarni (3,6 trillion so‘m) tashkil etadi, bu 2023-yilgi zararga nisbatan 2,3 baravar ko‘pdir. 

Ko‘plab boshqa korrupsiya holatlari hamon e’tibordan chetda qolmoqda va ular bilan tegishli tarzda kurashilmayapti. Yomon tomoni, odamlar korrupsiyani keng miqyosda qoralamaydi, kichik poralar e’tiborsiz qolmoqda. Bu o‘rinda siyosiy favoritizm va aloqalarning («tanish-bilish») roli muhimligini ta’kidlash lozim. Chuqur ildiz otgan bu amaliyot korrupsiya tizimining buzilmasligini ta’minlash uchun bir-birini himoya qiladigan o‘zaro bog‘liq shaxslarning “o‘rgimchak to‘ri”ni yaratadi – bir qismiga tegish butun tarmoqni fosh etish xavfini tug‘diradi. Buning oldini olish uchun hokimiyatdagi shaxslar bir-birlarini himoya qiladilar va ko‘pincha tizimning barqarorligini saqlash maqsadida aybdorlar minimal jazolanadi yoki umuman jazolanmaydi.

Korrupsiyani kamaytirish va nazorat qilish uzoq muddatli, tizimli jarayon bo‘lib, doimiy sa’y-harakatlar, chuqur institutsional islohotlar hamda jamiyatda jiddiy o‘zgarishlarni talab etadi. O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lidagi harakatlari qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, hozirgacha erishilgan yutuqlar – jumladan, ochilgan jinoiy ishlarning ko‘payishi va jamoatchilik muhokamasining faollashuvi – o‘zgarish mumkinligini ko‘rsatmoqda. (Ba’zi raqam va ma’lumotlar muallifning The Diplomat nashrida e’lon qilingan hammualliflik maqolasi orqali to‘ldirildi)”. 

Kamol Niyozov, 

davlat xaridlari bo‘yicha mutaxassis

Korrupsion holatlar davlat xaridlarida anchagina tashkil etishi sir emas.  Avvalo shuni aytish kerakki, 2024-yilda davlat xaridlarining deyarli yarmi – 46,3 foizi raqobatsiz usullarda amalga oshirilgan. Raqobatli xaridlar ulushi biroz ko‘proq bo‘lsa-da (53,7 foiz), raqobatsiz xaridlarning sezilarli darajada yuqoriligi tizimda ochiq raqobatni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Xaridlarning asosiy hajmi yirik davlat korxonalari (korporativ) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda (68,3 foiz). Byudjet tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar ulushi ancha kamroq (31,7 foiz). Bu shuni anglatadiki, ayniqsa yirik davlat korxonalarining xarid jarayonlarida shaffoflik va samaradorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Amalga oshirish usullarini tahlil qilsak, eng katta hajmdagi xaridlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish yoki yagona yetkazib beruvchini tanlash kabi kamroq raqobatli yo‘llar bilan amalga oshirilganini ko‘ramiz. Tender, auksion, elektron do‘kon kabi ochiq va raqobatli usullarning umumiy xaridlar hajmidagi ulushi esa ancha pastligicha qolmoqda. Bu ham davlat xaridlarida ochiqlik va raqobat muhitini yaxshilash dolzarb masala ekanligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, nazorat organlari, xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlarida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Masalan, 2024-yil davomida Agentlik tomonidan umumiy qiymati 552,5 milliard so‘m bo‘lgan 273 ta davlat xaridi tartib-taomillari monitoring qilingan. Ushbu monitoring natijasida jami 263,9 milliard so‘mlik noqonuniy xaridlar bekor qilingan va bu qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 189 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Bu bor yo‘g‘i 1 foizgina xaridlar monitoring qilinganda oshkor bo‘lgan holatlar. Shu 1 foizning ham 70-80 foizida muammoli jihatlar aniqlanmoqda. Bu xaridlarning barchasini monitoring qilish esa ilojsiz, kadrlar yetishmaydi. Shuning uchun, korrupsion holatlarni kamaytirishda raqobatli xaridlarni ko‘paytirish, monitoring qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish samarali yechimlardan hisoblanadi. 

Azamat Akbarov, 

taʼlim yoʻnalishidagi xalqaro ekspert

Xalqaro ta’lim eksperti sifatida shuni ta’kidlaymanki, O‘zbekiston ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida, ayniqsa oliy ta’limda korrupsiya holatlari ko‘p uchrayotgani achinarli holat. Yoshlar universitetlarga katta umidlar – yaxshi kasb egasi bo‘lish, munosib maosh topish niyati bilan kelishadi, biroq ko‘pincha o‘qish jarayonida, ayniqsa imtihon sessiyalari paytida yoki chet elga borish kabi imtiyozlar taqsimlanishida adolatsizlik va korrupsiyaga duch kelishadi. Eng yomoni, korrupsiyaga qarshi kurash haqida ma’ruza o‘qiydigan ba’zi ustozlarning o‘zlari poraxo‘rlikka botgani yoshlarning ishonchini sindiradi va ularning ko‘z o‘ngida tizimga nisbatan salbiy munosabatni shakllantiradi.

Bu holat yoshlar orasida umidsizlikni kuchaytirmoqda va oliy ma’lumotli ishsizlar “armiyasini” shakllantirmoqda. Xalqaro reytinglarda yoshlarimizning baxtlilik darajasi pastligi ham ko‘p jihatdan ular olgan bilim va ko‘nikmalarning mehnat bozori talablariga mos kelmasligi bilan bog’liq. Universitetlar eskirgan va talabgir bo‘lmagan yo‘nalishlarga yillar davomida qabulni davom ettirayotgani, bu haqda yoshlarni o‘z vaqtida ogohlantirmasligi – bu kelajakka bepisandlikdir. O‘qishni bitirib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmagan yoshlar, tirikchilik uchun boshqa sohalarda ishlashga, ba’zan esa ishga kirish uchun pora berishga majbur bo‘lmoqda. To‘rt yil davomida adolatsizlik va nomuvofiqliklarni ko‘rib, rahbariyat tomonidan aniq yechimlar taklif etilmayotganini kuzatgan talabalarda pessimistik kayfiyat shakllanib, ular o‘zlari bilmagan holda kelajakda korrupsiyaga moyil bo‘lib qolish xavfi mavjud. Mana shu sanalgan kichik, ammo ahamiyatli muammolarni yechish orqali qandaydir natijalarga sekinlik bilan erishish mumkin. 

Bobur Rasulov,

“Antikorrupsiya” nodavlat notijorat OAV rahbari 

Men korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik muhokamasi, ijtimoiy tarmoqlar va OAVning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidlamoqchiman. Xalqaro tajriba, masalan, “Panama Papers” voqeasi shuni ko‘rsatadiki, hatto eng qudratli davlatlardagi korrupsion holatlar ham shaffoflik orqali fosh etilishi va aybdorlar jazolanishi mumkin. Asosiy mexanizm – bu shaffoflik, agar barcha jarayonlar ochiq bo‘lsa, nomaqbul, xalq manfaatiga zid ishlarni yashirish imkonsiz bo‘ladi. Jurnalistlar va blogerlar aynan shu shaffoflikni ta’minlashda asosiy kuch bo‘lishi, jamiyat vakillari sifatida har qanday qonunbuzarlikni dadil ochib tashlash huquqi va majburiyatiga ega bo‘lishi shart.

Afsuski, O‘zbekistonda rasman senzura yo‘q deb aytilsa-da, amalda qayd etilmagan senzura mavjudligini va jurnalistlar orasida xavotir borligini ko‘ryapman. O‘tmishdagi ba’zi voqealar tufayli, “biror nomaqbul gap aytsak, jazolanamiz” degan qo‘rquv shakllangan, bu esa Prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan so‘z erkinligi va shaffoflik siyosatiga zid. Ayrim shijoatli jurnalist va blogerlarni hisobga olmaganda, keng vakolatlarga ega rasmiy OAV vakillarida ko‘pincha bu borada qat’iyat yetishmayapti. Jurnalistlarning huquqlari yuqori tashkilotlar tomonidan doimiy ravishda ta’kidlanishi, ular himoya qilinishi zarur. Agar jurnalistga bosim o‘tkazilsa, bosim qilayotgan shaxs yoki idoradan buning sababi so‘ralishi kerak. Asosli, faktlar bilan isbotlangan, jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan jurnalistik surishtiruvlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Faqat shundagina jamoatchilik nazorati samarali ishlab, korrupsiyaning oldini olish mumkin, aks holda kurash xo‘jako‘rsinga bo‘lib qolaveradi.