Bozorlardagi alyuminiy qozonlar rak kasalligiga olib keladimi?

Facebook’da tarqalgan xabarda yozilishicha, bozorlarda arzon narxda sotilayotgan yaltiroq, ya’ni anodlanmagan (maxsus himoya qoplamasi bo‘lmagan) alyuminiy qozonlarda ovqat pishirish alyuminiy metallining oziq-ovqatga o‘tishi va organizmga tushishi natijasida turli kasalliklarga olib kelishi mumkin ekan. Jumladan, saratonga (rak) ham sabab bo‘lishi aytilgan. 

HUKM: TASDIQLANMAGAN

Alyuminiy moddasi idishlar orqali ovqatga o‘tishi mumkinmi?

Alyuminiy idishlardan oziq-ovqatga m’‘lum miqdorda alyuminiy moddasi o‘tishi mumkin. Bu metall ionlarining idish yuzasidan pishirilayotgan yoki saqlanayotgan oziq-ovqatga o‘tishini anglatadi. Biroq bu jarayonning intensivligi va sog‘liq uchun ahamiyati bir nechta omillarga bog‘liq:

  • Oziq-ovqatning kislotaliligi (pH darajasi): Bu eng muhim omillardan biridir. Yuqori kislotalilikka ega bo‘lgan mahsulotlar (masalan, pomidor, limon sharbati, sirka, meva sharbatlari, nordon mevalar) alyuminiyning ovqatga ajralib chiqishini keskin oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kislotali muhitda alyuminiyning ajralishi neytral yoki ishqoriy muhitga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi. Masalan, bir tadqiqotda limon sharbati qo‘shilgan marinadda alyuminiyning ajralishi xavfsiz me’yordan (5 mg/L) ancha yuqori – 638 mg/L gacha yetgan. Boshqa bir tadqiqotda esa alyuminiy idishda qaynatilgan rovoch (rhubarb) sharbatida juda yuqori – 170 mg/kg alyuminiy miqdori aniqlangan;
  • Tuz miqdori: Oziq-ovqatdagi tuz miqdorining yuqoriligi ham alyuminiy ajralishini kuchaytirishi mumkin; 
  • Harorat va vaqt: Ovqat pishirish harorati qanchalik yuqori bo‘lsa va pishirish yoki saqlash vaqti qanchalik uzoq davom etsa, shunchalik ko‘p alyuminiy ovqatga o‘tadi. Alyuminiy idishda suvni qaynatish ham vaqt o‘tishi bilan suv tarkibidagi alyuminiy miqdorini oshiradi;
  • Idishning holati: Qizig‘i shundaki, ba’zi tadqiqotlar yangi alyuminiy idishlardan eski, ko‘p ishlatilgan idishlarga qaraganda ko‘proq alyuminiy ajralib chiqishini ko‘rsatgan. Biroq idishning yuzasi eskirgan, tirnalgan yoki chuqurchalar paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu ham alyuminiyning oziq-ovqatga o‘tishini osonlashtiradi. Yangi alyuminiy idishni ishlatishdan oldin unda shunchaki suv qaynatish keyingi pishirishlarda alyuminiy ajralishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin, chunki bu jarayon idish yuzasida himoya qatlamining shakllanishiga yordam berishi mumkin ekan.

Anodlash alyuminiy ajralishini kamaytiradimi? 

Anodlash (anodizatsiya) – bu alyuminiy yuzasini maxsus elektrokimyoviy jarayondan o‘tkazishdir. Bu jarayon natijasida alyuminiy yuzasida tabiiy oksid qatlamidan ancha qalinroq, qattiqroq, kimyoviy jihatdan barqarorroq va reaksiyaga kirishmaydigan alyuminiy oksidi (A l2.THE3.) qatlami hosil bo‘ladi. Bu qatlam odatda yaltiroq emas, balki xira (matoviy) ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Anodlangan alyuminiy idishlar, ayniqsa kislotali oziq-ovqatlar bilan ishlatilganda, alyuminiyning ovqatga ajralib chiqishini sezilarli darajada kamaytiradi. Anodlangan qatlam metall va oziq-ovqat o‘rtasida samarali to‘siq vazifasini bajaradi. Shu sababli, anodlangan alyuminiy idishlar odatdagi (anodlanmagan) alyuminiy idishlarga qaraganda xavfsizroq hisoblanadi.

Bu himoya qatlami ham mukammal emas. U mexanik shikastlanishlar (masalan, metall qoshiq yoki cho‘tkalar bilan tirnalish) yoki juda yuqori harorat ta’sirida buzilishi mumkin. Agar qatlam shikastlansa, uning ostidagi 

alyuminiy ochilib qoladi va ajralib chiqish xavfi yana ortadi. Shu sababli, anodlangan idishlarni ehtiyotkorlik bilan ishlatish, metall asboblardan foydalanmaslik va qo‘lda yuvish tavsiya etiladi.

Rivojlanayotgan yoki kambag‘al mamlakatlarda arzon alyuminiy idishlarni ishlab chiqarishda ifloslangan metallolomdan (ikkilamchi xomashyo) foydalanish jiddiy muammo hisoblanadi. Bu Facebook postida ko‘tarilgan «arzon qozon» jumlasida ham ask etib turibdi. Bunday past sifatli idishlar tarkibida nafaqat alyuminiy, balki yuqori miqdorda qo‘rg‘oshin (Pb), shuningdek kadmiy (Cd) va mishyak (As) kabi boshqa zaharli og‘ir metallar ham bo‘lishi mumkin. Ovqat pishirish jarayonida bu og‘ir metallar ham alyuminiy bilan birga oziq-ovqatga ajralib chiqishi va organizmga tushishi mumkin. AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) aynan Hindalium/Indolium deb nomlanuvchi alyuminiy qotishmalaridan tayyorlangan ba’zi import qilingan idishlardan qo‘rg‘oshin ajralishi xavfi haqida rasmiy ogohlantirishlar bergan. 

Alyuminiy saratonga olib kelishi isbotlanganmi?

Alyuminiy inson uchun zaruriy ozuqa moddasi emas va yuqori miqdorda qabul qilinsa, sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. U organizm to‘qimalarida (suyaklar, o‘pka, miya) to‘planib, oksidativ stress keltirib chiqarish va fermentlar faoliyatiga xalaqit berish orqali hujayralar ishini buzishi mumkin. Hayvonlarda yuqori dozalari asab tizimiga zarar yetkazishi aniqlangan bo‘lsa-da, odamlarda odatiy miqdordagi ta’sirining zarari  isbotlanmagan. Biroq juda ko‘p miqdorda (masalan, tarkibida alyuminiy bo‘lgan antasidlarni uzoq vaqt qabul qilish orqali, ayniqsa buyraklar faoliyati sust bo‘lsa) surunkali iste’mol qilish kamdan-kam hollarda suyaklarning minerallashuvining buzilishi (osteomalyatsiya) bilan bog‘langan.

Alyuminiyning potentsial xavfini baholash uchun sog‘liqni saqlash tashkilotlari «xavfsiz haftalik miqdor» (Tolerable Weekly Intake – TWI yoki Provisional Tolerable Weekly Intake – PTWI) deb nomlanuvchi ko‘rsatkichni belgilashgan. Bu — bir hafta davomida iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfsiz bo‘lgan modda miqdori.

Yevropa Oziq-ovqat Xavfsizligi Agentligi (EFSA) 2008-yilda hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda kuzatilgan potentsial neyrorivojlanish va reproduktiv ta’sirlarga asoslanib, TWIni haftasiga tana vaznining har bir kilogrammiga 1 milligramm (mg) alyuminiy etib belgilagan. BMTning Oziq-ovqat va Qishloq Xo‘jaligi Tashkiloti (FAO) va Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (WHO) qo‘shma ekspertlar qo‘mitasi (JECFA) dastlab 2006-yilda PTWIni 1 mg/kg/haftaga tushirgan edi. Biroq yangi toksikologik ma’lumotlar va tadqiqotlarni qayta baholash asosida 2011-yilda bu qiymatni oshirib, haftasiga tana vaznining har bir kilogrammiga 2 mg alyuminiy etib belgiladi. 

Idishlardan ajralaib chiqadigan alyuminiy miqdori ko‘pchilik odamlar uchun umumiy iste’molning nisbatan kichik qismini tashkil qiladi. Kanada Sog‘liqni Saqlash Vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, idishlar kunlik o‘rtacha alyuminiy moddasi iste’moliga yana 1-2 mg qo‘shishi mumkin ekan. Ammo kislotali ovqatlarni anodlanmagan yoki shikastlangan idishlarda tez-tez va uzoq vaqt pishirish bu miqdorni sezilarli darajada oshirishi mumkin. 

Oshxona idishlari yoki boshqa manbalardan ajralgan alyuminiy saraton kasalligini keltirib chiqarishi haqidagi xavotirlar ishonchli dalillar bilan tasdiqlanmagan. Alyuminiy zavodi ishchilari orasida saraton bilan kasallanish holatlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar siydik pufagi yoki miya saratoni darajasining oshganini qayd etsa-da, aniq sabab-oqibat aloqasi aniqlanmagan. Bunday kasbiy ta’sirlar ovqat bilan qabul qilinadigan miqdordan ancha yuqori darajalarni o‘z ichiga oladi. 

Alyuminiy va Alsgeymer kasalligi o‘rtasidagi bog‘liqlik ham o‘nlab yillardan beri o‘rganilayotgan, ammo haligacha bahsli va yakdil ilmiy fikr mavjud bo‘lmagan masala hisoblanadi. Ba’zi tadqiqotlar Alsgeymer kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning miya to‘qimalarida, qon zardobida yoki orqa miya suyuqligida nazorat guruhidagilarga qaraganda yuqoriroq alyuminiy miqdorini aniqlagan. Ba’zi meta-tahlillar (bir nechta tadqiqot natijalarini umumlashtiruvchi tahlil) surunkali alyuminiy ta’siri (umumiy, nafaqat idishlardan) va Alsgeymer xavfining ortishi o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab-oqibat bog‘liqligi hozirgi kunda ilmiy jihatdan isbotlanmagan va yirik sog‘liqni saqlash tashkilotlari buni xavf omili deb hisoblamaydi. 

Qozon tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

Alyuminiy idishlar haqidagi munozaralar ko‘pincha boshqa turdagi idishlarni ham ko‘rib chiqishga undaydi. Har bir materialning o‘ziga xos afzal va kamchilik jihati bor. 

Agar alyuminiy idish ishlatilsa, iloji boricha anodlangan alyuminiyni tanlash maqsadga muvofiq. Ayniqsa anodlanmagan yoki tirnalgan/shikastlangan idishlarda yuqori kislotali yoki sho‘r ovqatlarni uzoq vaqt pishirmaslik yoki saqlamaslik kerak. Idish yuzasini tirnamaslik uchun yog‘och yoki silikon qoshiq/kapgirlardan foydalanish lozim. Tarkibida qo‘rg‘oshin bo‘lishi mumkin bo‘lgan arzon, markasiz qozonlarni sotib olmagan ma’qul.

Alyuminiydan ko‘ra, po‘lat yoki cho‘yan qozonlar ko‘proq taklif qilinadi. Ular issiqlikni juda yaxshi ushlab turadi va bir tekis taqsimlaydi, chidamli va uzoq yillar xizmat qiladi, to‘g‘ri foydalanilsa, vaqt o‘tishi bilan tabiiy yopishmaydigan qatlam hosil qiladi.