Boysunda yana gaz otilib chiqyaptimi?

Telegram kanallarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi kon hududida olovli maydonlar paydo bo‘lgani, kondan tonnalab gaz otilib chiqib, yong‘in keltirib chiqarayotgani aytilgan izoh va ilova sifatida video tarqalmoqda. Videoda konus shaklidagi baland do‘nglik tepasidan ulkan olov otilib chiqayotgani tasvirlangan.

HUKM: HAQIQAT

Ushbu kadrlar Telegram va Instagram bloglarida (1, 2, 3, 4, 5, 6) keng tarqalib, qisqa fursatda foydalanuvchilar orasida keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik bu hodisani tabiiy vulqon otilishiga o‘xshatib, uning sabablari va aholi uchun xavfsizligi borasida xavotir bildirmoqda. Videodagi holat haqida ma’lumot olish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatiga bog‘landik. 

FVV matbuot xizmatining tasdiqlashicha, Boysun tumani, «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida yer qatlamlari orasidan yuqori bosimli tabiiy gaz sizib chiqish holati haqiqatdan ham mavjud. Videodagi “vulqon”ga o‘xshash baland do‘nglik tabiiy vulqon emas. Bu gaz uzoq vaqt davomida yonishi natijasida hosil bo‘lgan “chiqindi, kul chiqindisi”, ya’ni pastdan otilib chiqayotgan qurum va kukunning to‘planishidan paydo bo‘lgan konusdir. 

“Ushbu hodisa aholiga hech qanday tahdid solmayapti. FVV va «O‘zbekenergo» mutaxassislari jarayonni to‘liq nazoratga olgan va yong‘inning kengayib ketishining oldini olish bo‘yicha doimiy nazorat olib bormoqda”, – dedi matbuot xizmati xodimi. Unga ko‘ra, gaz ataylab yondirilgan. Buning asosiy sababi – xavfsizlikni ta’minlash. Agar gaz yondirilmasa, u to‘planib qolib, jiddiyroq favqulodda vaziyatlarni (masalan, portlash) keltirib chiqarishi mumkin ekan. Shuningdek, sizib chiqayotgan gaz (ehtimol, og‘ir gaz) shamol ta’sirida qishloqlarga yetib borib, aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uni yondirish orqali gazdan zaharlanish va atrof-muhitga tarqaladigan qo‘lansa hidning oldi olinadi. 

FVV vakilining ta’kidlashicha, mutaxassislar bu jarayon bilan «juda ko‘p paytdan beri» shug‘ullanib kelishadi va vaziyat doimiy nazoratda. Hududda mahalliy hokimiyat, FVV va energetika idoralari hamkorlikda ish olib bormoqda.  
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 1-sentabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida (604-quduqda) texnogen portlash sodir bo‘lgan edi. Oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tib, 2025-yil noyabr holatiga ko‘ra, gaz koni hamon yonishda davom etmoqda. Bu davr mobaynida yana bir necha bor takroriy gazning katta bosim bilan otilishi (jumladan, 202-quduqda) qayd etilgan.