Telegram-kanallarda “Xitoyda bolani urug‘lanishdan to tug‘ruqqa qadar “qornida olib yura oladigan” android yaratildi, degan xabarlar tarqaldi. “Bola amniotik suyuqlik va kindik imitatsiyasiga ega sun’iy bachadonda katta bo‘ladi. Ilk bunday qurilmalar 2026 yilda paydo bo‘ladi, narxi 14 ming AQSh dollaridan boshlanadi”, deyiladi xabarlarda.
Factchecknet.uz bu xabarni tekshirdi.
HUKM: YOLG‘ON
Bir qator maqolalarda Kaiwa Technology kompaniyasidan bo‘lgan “shifokor Chjan Tsifen”ni manba sifatida ko‘rsatib, u go‘yoki Pekinda o‘tkazilgan Robototexnika xalqaro anjumanda loyihani taqdim etgan. Internetda ilk prototip 2026-yilda chiqishi haqidagi maqolalar paydo bo‘ldi.
Biroq maqolalarda “Chjan Tsifen” nomi bilan bog‘liqlikda tilga olingan Singapurdagi Nanyang Technological University oliygohi ularda bunday ismli bitiruvchi yoki tadqiqotchi mavjud emasligi va u yerda “gestatsion robot”ga oid hech qanday loyiha olib borilmayotgani haqida rasmiy bayonot berdi. Jurnalistlar ishlanma yoki kompaniya mavjudligini tasdiqlovchi hech qanday materialni topa olishmadi. Faktchekerlar ham (Snopes va boshqalar) ushbu xabarni yolg‘on deb atadi.
Ilmiy asos mavjudmi?
Olimlar chindan ham sun’iy bachadon loyihalari ustida ish olib borishyapti, lekin bunday loyihalaning maqsadi boshqa. Tadqiqotlar “ayol tanasidan tashqarida bolani o‘stirish emas”, balki muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarga yordam berishni maqsad qiladi.
2017-yilda Filadelfiya bolalar kasalxonasida EXTEND – o‘ziga xos “bioqadoq” tizimi taqdim etildi. Unda sun’iy amniotic suyuqlik va oziqlanish hamda havo bilan ta’minlash tizimiga ulangan qurilmada br necha hafta davomida qo‘zichoqlar o‘stirildi. Bu ishlar shuni ko‘rsatdiki, homiladorlikning so‘nggi davrlarida hayotni sun’iy tarzda ham ushlab turish mumkin (insondagi homiladorlikning 22-24 haftalariga teng davr).
2023- yilda AQShdagi FDA maslahat qo’mitasi bunday texnologiyalarning klinik sinovlari istiqbollarini muhokama qildi. So‘z homiladorlikning boshlang‘ich davrlaridan emas, balki ekstremal vaqtidan avval tug‘ilgan homiladorlikni saqlash borasida ketayotgan edi. Olimlar va tibbiyot xodimlari ta’kidlaydilar: “tanadan tashqarida homiladorlik” xususida – ham texnik, ham etik nuqtayi nazardan hali juda uzoq.
Nima uchun android to‘g‘risidagi hikoya imkonsiz
1. Ilmiy tasdiqlar mavjud emas. Ilmiy maqolalar bazalarining hech birida “bolani urug‘lanishdan tug‘ruqqa qadar “ko‘tarib beradigan” robot” haqida ishlar yo‘q.
2. Noto‘g‘ri muddatlar. “2026-yilga kelib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish” haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan – sun’iy bachadon texnologiyalar sinovi insonlar uchun hali amalga oshirilmagan.
3. Yuridik to‘siqlar. Xitoyda surrogate inalik rasman ta’qiqlangan, “homilador android”dan tijoriy maqsadlarda foydalanish fikri amaldagi qonunchilikka zid.
Xitoyda bolani “tug’ib bera oladigan” android yaratilishi haqidagi xabarlar virusli feyk, xolos. Bugungi kunda sun’iy bachadonlar vaqtidan avval tug‘ilgan bolalarga yordam berish maqsadidagina o‘rganilmoqda. 2026- yilda vositani sotuvga chiqarish to‘g‘risidagi va’dalar real asosga ega bo‘lmagan uydirma.