Telegram-kanallarda qisqa roliklar “arzon dofamin” berishi, asab tizimiga jiddiy zarar yetkazishi, narkotik qaramlikka o‘xshash qaramlikka sabab bo‘lishi va 2-3 oy muntazam tomoshadan keyin insonda “miyaning prefrontal qismi degradatsiyasi” kuzatilishi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.
Factchecknet.uz bu xabarni tekshirdi.
HUKM: ISBOTLANMADI
Matndagi xulosalarning bir qismi ijtimoiy tarmoqlar va qisqa videolarning miyaga ta’siriga oid ilmiy izlanishlarga tayanadi, biroq asosiy mulohazalar – “alkogolga nisbatan besh barobar zararliroq”, “2-3 oyda degradatsiya” – isbotlovchi asosga ega emas.
Tadqiqotlar nima deydi
2025-yilda NeuroImage jurnalida chop etilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Reels yoki TikTok kabi qisqa videolarga haddan tashqari berilib ketish miyada o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. «Qisqa videolarga qaram» odamlarda zavq olish bilan bog‘liq zonalar faolroq ishlaydi va o‘z-o‘zini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan sohalar, aksincha, zaiflashadi.
Boshqacha aytganda, qisqa videolar tomosha qilish miyadagi mukofot tizimini ishga soladi, bu esa boshqa qaramlik shakllariga o‘xshash tarzda insonda davomli tomosha qilish istagini kuchaytiradi – miya bu jarayonni zavq sifatida qabul qiladi.
2024-yilda FMRIning o‘smirlarning internet qaramligiga oid davomiy tadqiqotlar sharhida keltirilishicha, funksional aloqalar o‘zgarishlari ko‘p hollarda ijroviy nazorat (shu jumladan, prefrontal qismlar)ga ta’sir ko‘rsatadi va tabiatiga ko‘ra boshqa axloqiy qaramlik turlarini eslatadi. Biroq bu umuman internet qaramlik to‘g‘risidagi sharh bo‘lib, Reels va TikTok haqida emas va turli sifat va dizayndagi ishlarni mujassam etadi.
EEG tekshiruvlari ko‘rsatishicha, SVAga moyillik ijrochilik nazorati va diqqat funksiyalarining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Boshqa ishlar yanada xavfli xatti-harakatlar va rag‘bat hamda yo‘qotishlarni baholash tizimlaridagi o‘zgarishlar bilan aloqani ko‘rsatmoqda.
Internet-qaramlikka oid meta-ma’lumotlar ham ijroviy nazorat va diqqat tarmoqlaridagi o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda, ular sababning qat’iy isboti emas, balki tahminlar, xolos.
Olimlar uzoq muddatli kuzatuvlarni ham o‘tkazishgan. Masalan, JAMA Pediatrics jurnalida chop etilgan tadqiqotda uch yil davomida ijtimoiy tarmoqlarni tez-tez tekshirgan o‘smirlarning miyasi ijtimoiy maqtov va tanqidlarga boshqacha javob bera boshlagani aniqlangan.
Bu o‘zgarishlar asta-sekin yuz beradi, ya’ni miyaning “bir necha oyda buzilishi” haqida emas, balki sekin ta’sir haqida so‘z ketmoqda.
Internetga qaramlik bo‘yicha boshqa yirik tahlillar ham diqqat va o‘zini nazorat qilish tizimlarida o‘zgarishlar borligini ko‘rsatadi, ammo bu hozircha faqat bog‘liqlik, sabab-oqibat isboti emas.
Maqolada nima noto‘g‘ri talqin qilingan
“Alkogol mahsulotlaridan besh barobar zararliroq”. Alkogol uchun o‘lim va ijtimoiy oqibatlar kabi zararni baholash tizimi mavjud. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda spirtli ichimliklar dunyo bo‘ylab 2,6 mln. o‘limga sabab bo‘ldi. Qisqa videolar uchun bunday o‘lchov mezonlari mavjud emas. Reels/TikTok zarari spirtli ichimliklar bilan solishtirilgan, ayniqsa, “besh barobar” zararli ekaniga oid ilmiy maqolalar yo‘q.
“Arzon dofamin”. Neyrobiologiyada dofamin zavq olish emas, balki eng avvalo, motivatsia va rag‘bat tizimi (“xohlayman”) bilan bog‘liq. “Arzon dofamin” haqidagi ommabop ibora – ilmiy atama emas, metafora.
“Narkotiklar kabi qaramlik”. Kasalliklarning rasmiy tasnifi (DSM-5TR va KXT-11)da “o‘yin kasalligi” va “Internet-o‘yin qaramligi” bor, lekin “roliklarga qaramlik” unga kirmaydi. Ilmiy ma’lumotlar kompulsiv xulq xavfini tasdiqlaydi, ammo buni bevosita narkotik qaramlikka bog‘lash noto‘g‘ri.
“2-3 oydan keyin miya po‘sti degradatsiyaga uchraydi”. Bunday ma’lumotlar mavjud emas. Yirik tadiqoqtlar ko‘rsatishicha, ehtimoliy ta’sirlar yillar davomida shakllanadi va miyaning morfologik buzilishi emas, balki ijtimoiy stimullarga bog‘liq.
Ilm-fan chindan ham qisqa videolarning kompulsiv iste’moliga oid xavflarni qayd etadi: diqqatning pasayishi, o‘zini-o‘zi boshqarish bilan bog‘liq muammolar, rag‘bat tizimlarida o‘zgarishlar. Biroq Reels va TikTok alkogoldan besh barobar zararli ekani yoki “prefrontal qism 2-3 oyda degradatsiyaga uchrashi” haqida hech qanday dalillar yo‘q.