Telegram kanallarining birida “Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga koʻra, M1 toifadagi avtomobillarning orqa va yon oynasini qoraytirish qaytadan toʻlovli va muddatli ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi mumkin”, deya izohlangan xabar tarqalmoqda. Instagram foydalanuvchilaridan biri, ikkinchi darajali yurist Xushnud Xudayberdiyev esa bu xabar notoʻgʻri ekanligi haqida reels joylagan.
Factchecknet.uz mazkur xabarning qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi.
HUKM: YOLGʻON
M1 toifasi aslida nima ekaniga toʻxtalsak. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentidagi klassifikatsiyaga koʻra:
M1 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalaridir.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyul sanasida avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirish)ga ya’ni “tonirovka” uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha 465-sonli qarori kuchga kirdi. Ruxsatnoma berish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Avtotransport vositalarining old yon oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma bir yilga amal qiladi. Ushbu xizmat My.gov.uz sayti orqali elektron shaklda ham amalga oshiriladi. Xizmatdan foydalanmoqchi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar ariza beruvchi YIDXP (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) da ro‘yxatdan va/yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va so‘rov yuboradi, shakllangan invoys bo‘yicha to‘lov amalga oshiriladi va vakolatli organ tomonidan tayyorlangan QR-kodli ruxsatnoma yuklab olinadi.
Yengil avtotransport vositalari foydalanuvchilarining ushbu xizmatdan foydalanishlari uchun ruxsatnoma Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida belgilangan tartibda beriladi.
Ya’ni avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari ruxsatnoma va tasdiqlangan davlat standartiga muvofiq avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Avtotransport vositasi orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan polosa shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) oid davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan ko‘rsatilganda, ushbu xizmat uchun yig‘imlar orqa va old yon oynalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdori (BHM – 412 000 soʻm) ning sakkiz baravari – 3 296 000 (uch million ikki yuz toʻqson olti ming) soʻmni va O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n to‘rt baravari – 5 768 000 (besh million yetti yuz oltmish sakkiz ming) soʻmni tashkil etadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan, tekin “tonirovka” bekor qilinishi mumkin yoki avtotransport oynalarini qoraytirish endi pulli boʻladi kabi xabarlar aslida, mish-mish. Bu kabi notoʻgʻri xabarlar tarqalishining sababini huquqshunos, bloger va siyosatchi Xushnud Xudayberdiyev instagram sahifasiga joylagan reelsda shunday izohlagan : “Qisqa javobim, orqa tanirovkani pulli qilishmayapti. Bu haqda hech qanday tashabbus ham yoʻq. Xavotir olmasanglar boʻladi. Batafsilroq javobim, Ichki ishlar vazirligi bir qaror loyihasini eʼlon qildi. Unga koʻra, qarorning asosiy maqsadi yilning issiq vaqtlarida, ya’ni may-avgust oylarida oldi tanirovkaning narxini arzonlashtirishmoqchi. Amaldagi va loyihasi eʼlon qilingan qonunda orqa va yon old oyna jumlasining ishlatilishida, orqa ham pulli boʻlarkan, deya tushunmovchilikka sabab boʻlyapti”.
Izlanishlardan maʼlum boʻlishicha, avtomobillarning orqa yon oynalarini oʻzgartirish yoki qoraytirish haqidagi qonunga hech qanday oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmagan. Shunday ekan, avtomobil orqa oynalarini qoraytirish amaldagi qonunchilikka muvofiq bepul va ruxsatnomasiz amalga oshiriladi.