Albaniyalik sun’iy intellekt vazirning pora olgani rostmi?

Kontentni AI’da yaratilganini tekshiruvchi SynthID xizmati bu tavsirni real emas deb topdi

5-dekabr kuni o‘zbek segmentidagi internet nashrlari (1, 2, 3, 4, 5, 6) va blogerlar (1, 2, 3) orasida g‘alati xabar tarqaldi: Albaniyaning dunyodagi ilk sun’iy intellekt vaziri — Diella pora olishda gumonlanib, faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan emish. Eng qizig‘i, unga advokat sifatida ChatGPT-4o yollangani aytilmoqda. Biz ushbu xabarning asl manbasi hisoblangan Newsbar.hr saytini o‘rganib chiqdik va haqiqatni aniqladik.

Hukm: Yolg‘on

Tafsilotlar 

Tarqalayotgan xabarlarda aytilishicha, Diella yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat tenderini “algoritmik optimallashtirish” (yutib berish) evaziga 14 bitkoin (taxminan 1 million yevro) miqdorida pora olgani uchun maxsus korrupsiyaga qarshi bo‘linma tomonidan hibsga olingan.

Xabarda kulgili detallar ham keltirilgan: emishki, SI-vazir o‘tgan yillardagi ma’lumotlarni tahlil qilib, pora olishni Bolqon mintaqasidagi “standart ish tartibi” deb xulosa qilgan va olingan mablag‘ni o‘z xotirasini kengaytirish hamda “abadiy vazir”ga aylanish uchun sarflashni rejalashtirgan.

Nega bu xabar yolg‘on?

Barcha nashrlar manba sifatida Xorvatiyaning Newsbar.hr saytiga havola bermoqda. Bu — Xorvatiyadagi mashhur satirik va yumoristik portal bo‘lib, AQShdagi “The Onion” kabi voqelikni hajv qilish uchun ataylab to‘qima xabarlar yozadi.

Saytning “Foydalanish shartlari” bo‘limida shunday deyilgan:

“NewsBar — satirik-yumoristik portaldir. Portalda chop etilgan yangiliklar satirik asar yaratish maqsadida to‘qib chiqarilgan bo‘lib, ularni jiddiy qabul qilmaslik lozim… Matnda keltirilgan barcha qarashlar, xatti-harakatlar va bayonotlar to‘qimadir”.

Albaniyalik sun’iy intellekt vazirning pora olgani rostmi?

Newsbar.hr saytining foydalanuvchi shartlari bo‘limida nashrni to‘qima/satirik xabarlar berib borishi haqida yozilgan

Ya’ni, xabardagi “ChatGPT advokat bo‘ldi” yoki “AI pora oldi” degan gaplar shunchaki siyosiy korrupsiyaga ishora qiluvchi hazildir.

Aslida Diella kim?

Diella haqiqatan ham mavjud, ammo u poraxo‘r amaldor emas. U Albaniya hukumati tomonidan davlat xizmatlarida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyani kamaytirish maqsadida joriy etilgan raqamli yordamchi (AI avatar) hisoblanadi.

U Katta til modeli (LLM) asosida ishlaydi va uning vazifasi katta hajmdagi davlat xaridlariga oid hujjatlarni tahlil qilish hamda fuqarolarga davlat xizmatlari bo‘yicha yordam berishdir.

Tekshiruv natijasi

Albaniyalik sun’iy intellekt vazirning pora olgani rostmi?

Hukumatning elektron portaliga kirgach, raqamli yordamchi Diella ekranda ko‘rinadi

Biz Albaniyaning korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish tashkiloti (SPAK) va rasmiy hukumat portalini ko‘zdan kechirdik. U yerda Diellaning hibsga olingani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Aksincha, e-albania.al portaliga kirganda, raqamli yordamchi Diella ekranda paydo bo‘ladi va u ayni damda ham faol ishlamoqda.