Doksing – bu shaxsning roziligisiz uning shaxsiy ma’lumotlarini ataylab oshkor qilish. Odatda bu telefon raqami, manzili, pasport ma’lumotlari, ish joyi va oilaviy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda doksing holatlari aynan quyidagi bir necha omillar tufayli ko‘payib bormoqda:
•faol raqamlashtirish jarayoni (davlat xizmatlari, onlayn savdo, chat-botlar);
•muntazam ravishda «sizib chiqadigan» himoyasiz ma’lumotlar bazalari;
•shov-shuv (hayp) uchun boshqalarning ma’lumotlarini e’lon qiladigan Telegram-kanallarning ommalashuvi.
O‘zbekistonda doksing qonun bilan qanday tartibga solinadi
1.«Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonun
Bu asosiy himoya qalqoni. Unda oddiy qoidaga urg’u berilgan: birovning shaxsiy ma’lumotlarini uning roziligisiz yig‘ish va tarqatish – noqonuniy.
Qoidabuzarlik uchun jarimalar va ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik – birinchi huquqbuzarlik
Jismoniy shaxslar
• Jarima: 7 BHM – taxminan 2 625 000 so‘m.
Mansabdor shaxslar / tashkilotlar
• Jarima: 50 BHM – taxminan 18 750 000 so‘m.
(Jazo kuchaytirilgunga qadar jarimalar atigi 3-5 BHM va 5-10 BHM edi.)
Jinoiy javobgarlik – takroriy qoidabuzarlik yoki og‘ir holatlar
Agar shaxs yoki tashkilot qoidabuzarlik ustida qo‘lga tushgan bo‘lsa yoki doksing/ma’lumotlarning sizib chiqishi jiddiy oqibatlarga olib kelgan bo’lsa, jinoiy modda qo‘shiladi.
Asosiy sanksiyalar
• Jarima: BHMning 100-150 baravari miqdorida – bu 37 500 000 – 56 250 000 so‘mni tashkil etadi.
• Muayyan lavozimlarni egallash yoki shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash huquqidan 3 yilgacha mahrum etish.
• 2 yilgacha majburiy ahloq tuzatish ishlari.
Og‘irlashtirilgan holatlar bo‘lsa, javobgarlik kuchayadi
Bunga quyidagi vaziyatlar kiradi:
— bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
— oldindan til biriktirish bo‘lsa;
— xizmat mavqeidan foydalanilgan bo‘lsa;
— korrupsion manfaat bo‘lsa;
— jamoatchilik yoki shaxsiy zarar katta bo‘lsa.
Kuchaytirilgan jazolar
• Jarima: 150-200 BHM – bu 56 250 000 – 75 000 000 so‘m.
• Axloq tuzatish ishlari – 2-3 yil.
• 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi
141-2-modda – «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini/qonunchilikni buzish»
– shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, saqlash, tarqatish.
Jazo chorasi: jarima, axloq tuzatish ishlari, og‘ir holatlarda – ozodlikdan mahrum qilish.
139-modda – tuhmat, agar doksing yolg‘on ma’lumotlar bilan birga bo‘lsa.
140-modda – haqorat, agar shaxsiy ma’lumotlardan ta’qib qilish uchun foydalanilgan bo‘lsa.
168-modda – firibgarlik, agar ma’lumotlar moliyaviy zarar yetkazish uchun qo‘llanilsa.
Haqiqiy voqeaga misol: keng muhokama qilingan jinoiy ish doirasidagi doksing
2025-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Shahzod Rismatovni to‘qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqidagi firibgarlik ishi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. U bir nechta jinoyatda, jumladan, Jamila Alimbayeva oilasining uyini noqonuniy ravishda o‘zlashtirish va keyinchalik uni bloger Sanjar Karimovga (Real Sanjik) 240 ming dollarga qayta sotishda aybdor deb topildi. Alimbayevaning 21-oktyabrda Instagramda ilk bor e’lon qilingan va 7,2 milliondan ortiq ko‘rishga erishgan hikoyasi darhol kuzning eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi.
Bu voqeaning shov-shuvi natijasida jabrlanuvchining shaxsiy hayoti jamoatchilik e’tibori ostida qoldi. Alimbayeva o’ziga qarshi doksing to’lqiniga duch keldi: internetda uning suratlari, shaxsiy ma’lumotlari va shaxsiy yozishmalaridan parchalar tarqala boshladi.
Internet muhitining «zaharli» xususiyati va ma’lumotlarning yanada tarqalishi xavfi tufayli u Saida Mirziyoyevaga murojaat qildi. U doksing oqibatlari oilasi uchun alohida ruhiy zarba bo‘lganini ta’kidladi.
Keys: HELLO TASHKENT kanalining yopilishi jarayoni
2023-yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari «HELLO TASHKENT» va «Salam Tashkent» nomli Telegram-kanallarning bir guruh administratorlarini qo‘lga oldi. Ushbu kanallarda fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, ko‘pincha ularning roziligisiz intim fotosuratlar va videolar joylashtirilgan. Nashrlardan so‘ng, administratorlar jabrlanuvchilardan materiallarni o‘chirish evaziga pul talab qilishgan.
Aniqlanishicha, firibgarlar tovlamachilik yo‘li bilan 100-500 ming so‘m evaziga «VIP-kanallar»ga obuna bo‘lishni taklif qilib, keyinchalik esa obro‘sizlantiruvchi kompromatni o‘chirib tashlash bilan jabrlanuvchilarni shantaj qilgan.
2024-yil 11-yanvar kuni Toshkent shahar Mirzo-Ulug‘bek tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi o’z hukmini e’lon qildi. Sudlanuvchilar – uch nafar erkak – Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi: pornografiyani tarqatish, tuhmat, haqorat qilish, intim ma’lumotlarni oshkor qilish va tovlamachilik. Hukm – 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; Telegram kanallar bloklandi, jabrlanuvchilarga ma’naviy va moddiy zararni qoplashni talab qilish huquqi tushuntirildi.
Bu holat e’tiborga molik pretsedentga aylandi: u O‘zbekistonda doksing, shantaj va pornografiya savdosi kanallariga chek qo‘yilishi, tashkilotchilar esa jinoiy jazoga tortilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Agar siz doksing qurboniga aylangan bo‘lsangiz, nima qilishingiz kerak?
Agar O‘zbekistonda odam doksing qurboniga aylansa, izchil tarzda harakat qilishi zarur.
Ish barcha dalillarni qayd etishdan boshlanadi. Skrinshotlar, nashrlarga havolalar, materiallarning paydo bo‘lish sanalari, tarqatuvchilarning ismlari va taxalluslari, shuningdek, agar voqea bilan bog‘liq bo‘lsa, yozishmalar saqlanishi kerak. Bu ma’lumotlar keyinchalik ekspertiza va tergov uchun asosga aylanadi, shuning uchun hech narsani o‘tkazib yubormaslik va sodir bo‘layotgan voqealarning maksimal aniq raqamli nusxasini ta’minlash muhimdir.
So‘ngra ichki ishlar organlariga ariza berish kerak. Buni «102» raqami, hududiy IIB yoki elektron qabulxonaga murojaat qilib amalga oshirish mumkin. Murojaatda shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy tarqatilganligi faktini ko‘rsatib, arizani belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rash kerak. Bunday harakatlarning huquqiy baholanishi, og‘irligi va oqibatlariga qarab, ma’muriy javobgarlikdan (MJTK 46-2-moddasi) to jinoiy javobgarlikkacha (JK 141-2-moddasi) bo‘lgan oraliqda bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, UzCERT – kompyuter hodisalariga javob berish milliy markaziga murojaat yuborish tavsiya etiladi. Ushbu tuzilma kiberhujumlarni texnik qayd etish, sizib chiqish manbalarini tahlil qilish va rasmiy xulosa tayyorlash bilan shug‘ullanadi. UzCERT xulosasi ko‘pincha ishni ko‘rib chiqishda asosiy hujjatga aylanadi, chunki u hodisa holatlarining professional bahosini o‘z ichiga oladi va hodisa faktini tasdiqlaydi.
Keyingi qadam – ma’lumotlaringiz tarqatilgan manba egalariga murojaat qilish. Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun subyektga axborotni o‘chirish, unga ishlov berishni to‘xtatish va qoidabuzarliklarni bartaraf etishni talab qilish huquqini beradi. Bunday murojaatlarni rasmiy tarzda – yozma ravishda, elektron pochta orqali yoki tasdiqlangan akkauntlar orqali yuborish muhimdir. Bu sizning vaziyatni bevosita hal qilishga uringanligingizni isbotlovchi dalilni shakllantirish imkonini beradi.
Agar manba egasi ma’lumotlarni o‘chirishdan bosh tortsa, tegishli post, kanal yoki saytni bloklashga harakat qilish kerak. Davlat organlari tasdiqlangan qoidabuzarliklar mavjud bo‘lganda nashrlarni bloklash, muntazam suiiste’molliklar kuzatilganda esa butun resursdan foydalanishni cheklash vakolatiga ega.
Dastlabki vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, zarar miqdorini baholash zarur. Doksing ko‘pincha ma’naviy azob-uqubatlar, tahdidlar, ta’qiblar, obro‘-e’tibor va moddiy zararga olib keladi. Ushbu oqibatlar fuqarolik da’vo arizasi orqali kompensatsiya talab qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Yakunlovchi bosqich – shaxsiy raqamli xavfsizlik choralarini kuchaytirish. Barcha parollarni o‘zgartirish, ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish, ijtimoiy tarmoqlardagi profillarni tekshirib, ortiqcha ma’lumotlarni o‘chirish, telefon raqamlari yoki hujjatlar ochiq foydalanishda emasligini nazorat qilish lozim. Bunday tahlil takroriy hodisalar ehtimolini kamaytiradi.
Avvalroq Factchecknet.uz internetga qaysi ma’lumotlarni joylashtirish mumkin emasligi va buning sabablari haqida yozgandi.