Ijtimoiy tarmoqlarda Dubayda “Emirates Air Hotel” nomli g‘aroyib mehmonxona qurilishi rejalashtirilgani haqida videolar keng tarqalmoqda. Xabarlarga ko‘ra, qiymati 3 milliard dollarga baholangan, balandligi 580 metr bo‘lgan ushbu osmono‘par binoning eng yuqori qismida haqiqiy Airbus A380 samolyoti joylashtiriladi. Samolyot ichida restoran va shisha ayvonlar bo‘lishi, loyiha esa 2029-yilda ochilishi aytilmoqda (1, 2, 3, 4).
HUKM: YOLG‘ON
Videodagi tasvirlarga diqqat bilan qaralganda, undagi muhandislik yechimlari reallikdan yiroq ekanligi ko‘zga tashlanadi. Og‘irligi yuzlab tonna bo‘lgan ulkan laynerni ingichka va egilgan bino cho‘qqisida hech qanday tayanchsiz muvozanatda ushlab turish fizika qonunlariga ham ziddir.

Video ilk marta e’lon qilingan sahifa
Teskari qidiruv natijalariga ko‘ra, video ilk bor 2025-yilning 21-avgust kuni Instagramdagi cypriot.ai sahifasida e’lon qilingan. Sahifaning izoh qismida “Viral AI Travel & Luxury Concepts” (Virusli AI sayohat va hashamatli konseptlar) deya profil haqida ma’lumot berilgan. Muallif videoga “Imagine a 7-star hotel floating above Dubai” (Dubay uzra suzib yurgan 7 yulduzli mehmonxonani tasavvur qiling) deya izoh bergan. Ya’ni, bu yerda hech qanday qurilish rejasi yoki rasmiy loyiha haqida so‘z bormayapti, bu shunchaki generativ AI yordamida videolar yaratuvchi raqamli ijodkorning tasavvur natijasidir.
Qolaversa, Dubayning yirik qurilish kompaniyalari yoki “Emirates” aviakompaniyasi tomonidan 2029-yilga mo‘ljallangan bunday loyiha haqida hech qanday rasmiy bayonot berilmagan. Internetda aylanayotgan “3 milliard dollar” va “2029-yil” kabi tafsilotlar videoni ko‘chirib olgan uchinchi shaxslar tomonidan to‘qib chiqarilgan va foydalanuvchilar e’tiborini tortishga qaratilgan yolg‘on ma’lumotlardir.Tasvirlar haqiqiyligini tekshirish uchun “Hive Moderation” va “TruthScan” kabi generativ AI’da yaratilgan kontentni aniqlovchi dasturlardan foydalandik.

Hive Moderation videoning 99.9% ehtimol bilan sun’iy intellekt (AI) tomonidan yaratilganini aniqladi
“Hive Moderation” tizimi videoning 99.9% ehtimol bilan sun’iy intellekt (AI) tomonidan yaratilganini ko‘rsatdi. Shuningdek, “TruthScan” detektori ham videodagi vizual elementlarning 96% qismi kompyuter grafikasi va neyrotarmoqlar mahsuli ekanligini tasdiqladi.