Telegram-kanallarda 25 yoshli erkak telefoniga qarab yurish odati tufayli “boshini ko‘tara olmay qolgani”, unda “egilgan bosh sindromi” rivojlangani, og‘riq, yutishda qiyinchilik, keskin ozib ketish va bo‘yinining orqa qismida “shish” paydo bo‘lgani, hamda bu asoratlar umurtqaga vintlar qo‘yish orqaligina tuzatilgani haqidagi xabar tarqaldi. Factchecknet.uz xabarni tekshirdi.
HUKM: QISMAN ROST
Taqrizdan o‘tgan ilmiy adabiyotlarda haqiqatan ham Yaponiyadagi 25 yoshli bemorda og‘ir bo‘yin kifozi va “egilgan bosh sindromi” (Dropped Head Syndrome, DHS) bilan bog‘liq yagona klinik holat tasvirlangan. Unda gorizontal nigohning buzilishi, disfagiya va miyelopatiya qayd etilgan. Mualliflar tug‘ma yoki rivojlanayotgan o‘ziga xoslikning uzoq yillik telefon o‘yinlari vaqtida bo‘yinni kuchli egib turish odati bilan qo‘shilib ketganini tahmin qilmoqda.
Bemorga kombinatsiyalangan xirurgik amaliyot (fiksatsiya bilan) o‘tkazilgan, shundan so‘ng uning holati sezilarli darajada yaxshilangan. Bu yaponiyalik ortopedlar tomonidan chop etilgan keys-raportda keltirilgan (avval Journal of Orthopaedic Science’da “online ahead of print” sifatida, keyin esa JOS Case Reports jurnalida).
Virusli postlardagi tafsilotlarga kelsak, bo‘yin orqa qismidagi “shish”, yutishdagi muammo fonida keskin ozib ketish, vint va tayoqchalar bilan bosqichma-bosqich operatsiya qilinishi chindan ham yaponiyalik shifokorlar tasvirlagan ayni klinik holatga tayangan OAV xabarlarida uchraydi. Bu jurnalistlar talqini bo‘lsa-da, ular fiksatsiyalangan bo‘yin deformatsiyasini jarrohlik yo‘li bilan to‘g‘rilash hikoyasiga zid emas.
Nega bu “telefondan foydalanish sindromni keltirib chiqaradi” degan fikrga dalil bo’la olmaydi?
DHS — juda kam uchraydigan holat. U odatda yoshi katta odamlarda va/yoki nevrologik hamda nerv-mushak kasalliklarida (miasteniya, Parkinson kasalligi, amiyotrofik lateral skleroz, bo‘yin ekstensorlarining izolyatsiyalangan miopatiyasi va boshqalar) ko‘proq kuzatiladi.
Sharhlarda kasallik kelib chiqishi ko‘plab omillarga bog‘liq ekani ta’kidlanadi. Ta’riflangan yapon keysida mualliflar ehtiyotkor: bo‘yinni uzoq muddat egilgan holatda ushlash — ehtimoliy omil, ammo yagona isbotlangan sabab emasligini ko‘rsatishadi. Birgina klinik holat barcha smartfon foydalanuvchilariga ni
Kengroq ilmiy ma’lumotlar “telefon va bo‘yin” haqida nima deydi?
Tadqiqotlar boshning oldinga egilishi ortgan sari bo‘yin bo‘limiga mexanik yuklama kuchayishini ko‘rsatadi — bu uzoq davom etadigan “pastga qarab turish” bilan bog‘liq og‘riqlar mexanizmining biomekanik asosga ega ekanini anglatadi.
Metaanalizlar shuni ko‘rsatadiki: smartfondan “me’yoridan ortiqcha” foydalanish bo‘yindagi og‘riq ehtimolini oshiradi; umumiy harakatsizlik va uzoq davom etuvchi ekran qarshisida o‘tirish ham og‘riq xavfi bilan bog‘liq (dozaga bog‘liq ta’sir bilan). Biroq bu og‘riq va funksional noqulayliklar haqida, og‘ir, fiksatsiyalangan deformatsiyalar esa juda kamdan-kam uchraydi.
Xulosa:
— 25 yoshli bemor haqidagi klinik holat — ilmiy nashr bilan tasdiqlangan: unda og‘ir bo‘yin kifozi, “egilgan bosh”, disfagiya va miyelopatiya bo‘lgan; kombinatsiyalangan fiksatsiyadan (vintlar/stajlar) so‘ng yaxshilanish kuzatilgan.
— “Telefonni ko‘p ko‘rish” bilan bog‘liqlik — mualliflar tahmin qilgan omillardan biri (uzoq davom etuvchi egilish), ammo yagona isbotlangan sabab emas. Bu holatni “smartfon yoshlar orasida egilgan bosh sindromini keltirib chiqaradi” degan umumiy xulosaga aylantirish noto‘g‘ri.
— Umumiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, smartfonlar bo‘yin og‘rig‘i va mushak charchoqlari bilan bog‘liq; ammo fiksatsiya talab qiladigan og‘ir deformatsiyalar juda kam uchraydi va ko‘p omillarga bog‘liq bo‘ladi.