Meva va sabzavotlarni isteʼmol qilishdan oldin poʻsti olinmasa saraton xavfi vujudga keladimi?

Telegram kanallarida xitoylik olimlari olma va bodring poʻstlogʻida, shuningdek, baʼzi donlarda saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi pestitsid izlarini topgani haqida xabarlar tarqaldi. Ularda patologiyalar xavfini minimallashtirish uchun oddiy yuvish yetarli emasligi, shuning uchun meva va sabzavotlarni poʻstini tozalash va donlarni ivitib qo’yish kerakligi aytilgan.

HUKM: QISMAN ROST

2024-yilda xitoylik tadqiqotchilar Nano Letters jurnalida pestitsidlarning mahsulotlarda tarqalishini kuzatish uchun ilgʻor tasvirlash usuli (SERS membranasi) dan foydalanib o’tkazilgan tadqiqotlar natijalarini nashr etishdi. Ular haqiqatan ham baʼzi pestitsidlarning molekulalarini nafaqat poʻstlogʻ yuzasida, balki meva va sabzavotlarni po’st osti qatlamida ham borligini aniqladilar. Poʻstlogʻini olib tashlash bu qoldiqlarning konsentratsiyasini sezilarli darajada kamaytirdi. Tadqiqotlarda donli mahsulotlar ham sinovdan oʻtkazildi: ivitish va pishirish pestitsidlar darajasini pasaytirdi.

Biroq, mualliflar saraton xavfini baholamagan, poʻstini tozalamagan mevalarni isteʼmol qilish va saraton oʻrtasidagi o’zaro bogʻliqlikni aniqlashmagan va bunday xulosalarga kelmagan. Bu kasallik bilan epidemiologik bog’liqlik bo’yicha tadqiqot emas, balki pestitsidlarni aniqlash va taqsimlanish usullari bo’yicha izlanish bo’lgan.

 Model birikmalar sifatidatiram va karbendazim ishlatilgan.

  • AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) ma’lumotlariga ko’ra, tiram «ehtimol, odamlar uchun kanserogen emas» deb tasniflangan.
  • Karbendazim odamlar uchun yetarli dalillarsiz «taxmin qilingan kanserogenlik alomatli» maqomiga ega.

Bu uning «odamlarda saraton kasalligini keltirib chiqarishi»ni ta’kidlash bilan bir xil emas.

Xalqaro regulyatorlar nima deydi

JSST/FAO (JMPR): Ruxsat etilgan pestitsidlar uchun qabul qilinadigan kunlik iste’mol miqdori (ADI) va maksimal qoldiq darajasi (MRL) belgilangan. Ruxsat etilgan pestitsidlarning hech biri ruxsat etilgan dozalar chegaralarida genotoksik deb hisoblanmaydi.

EFSA (Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi): 2023-yilgi hisobotida sinovdan o’tgan namunalarning 99% standartlarga javob bergan va 70% da miqdoriy qoldiqlar yo’q edi. Iste’molchilar uchun umumiy iste’mol xavfi past deb baholangan.

Kundalik hayotda ishlatiladigan qoldiqlarni yo’qotish usullarining samaradorligi

  • Oqimli suv ostida yuvish sirt qoldiqlarining katta qismini olib tashlaydi, ammo chuqurroq kirgan moddalarni to’liq tozalamaydi. Qattiq mevalar uchun cho’tkadan foydalanish tavsiya etiladi.
  • Tadqiqotlarda oziq-ovqat sodasi eritmasida (bir litr suvga 1 choy qoshiq, 12-15 daqiqa) ivitish suv yoki xlorli eritmalarga qaraganda samaraliroq ekanligi ko’rsatilgan, ammo faqat sirtiga ta’sir qiladi.
  • Po’stlog’ni olib tashlash qoldiq miqdorini minimallashtiradi, shuningdek, tolali modda, vitaminlar va antioksidantlar miqdorini kamaytiradi.
  • Donli mahsulotlar va guruch: Ivitish va sersuv pishirish ba’zi pestitsidlar miqdorini birikmaga qarab 60-88% ga kamaytirishi mumkin.

Tadqiqot shuni ko’rsatdiki, pestitsidlar nafaqat mahsulot yuzasida, balki uning yuqori qatlamida ham mavjud bo’lishi mumkin va po’stlog’ni archish va donlarni ivitish ularning miqdorini pasaytiradi.

Biroq, buni «agar po’stini olmasangiz, saraton kasalligiga chalinasiz» degan da’voga aylantirish- bu manipulyatsiya. Bunga epidemiologik dalillar yo’q va agar standartlarga rioya qilinsa, me’yoriy xavfni baholash ko’rsatgichi past. 

Tavsiya – meva va sabzavotlardan voz kechmasdan, balki ularni yuvish, kerak bo’lganda po’stlog’ini olib tashlash va pestitsid qoldiqlarni kamaytirish uchun ivitish va pishirishni  oqilona qo’llashdan iborat.