Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, endi Oʻzbekistonda gaz tushirilmagan hovlilarga elektr energiyasi uchun 50 foiz chegirma beriladi.
Factchecknet.uz mazkur xabarning qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi.
HUKM: HUKMSIZ
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov 2024-yilda huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev tomonidan tashkil qilingan “Lolazor” podkastida O‘zbekistonda gaz ta’minotiga ulanmagan hovlili uy-joylar uchun ham elektr energiyasi tarifiga 50 foizlik chegirma berilishi rejalashtirilayotganini aytgan.
Podkastda vazirdan ushbu qaror qachon kuchga kirishi haqida soʻralganda, vazir: “Buni biz hozir tayyorlayapmiz. Qarorni kelishib, hisob-kitobini Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ishlayapmiz. Agar mana shu oy yakunlasak, qarorni kiritamiz. Buni ishlab chiqaruvchilarni ham inobatga olib, 1-yanvardan harakat qilamiz”,-deya javob bergan.
Biroq oradan 1 yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, mazkur tartib amalda qoʻllanmadi. Joriy 2025-yilning 28-oktabr kuni Milliy matbuot markazida Energetika vazirligi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi va bu mavzu yana koʻtarildi. Ushbu matbuot anjumanida Oʻzbekistondagi gazlashtirilmagan xonadonlarga elektr energiyasi toʻlovlari uchun imtiyozlar berish tizimi yil yakuniga qadar hukumatga kiritilishi mumkinligi haqida maʼlum qilingan.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, ya’ni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash” toʻgʻrisidagi qarorida keltirilgan ”gazlashtirilmagan koʻp qavatli uylar markazlashgan elektr tarmogʻiga ulangan boʻlsa, 50 foiz elektr energiyadan chegirma taqdim etiladi”. Biroq hozirga qadar gazlashtirilmagan hovlilar uchun mazkur tartibni qoʻllash boʻyicha qonunchilikka oʻzgartishlar kiritilmagan.
Mazkur xabarlarga iqtisodchi, “bakiroo” telegram kanali egasi Otabek Bakirov :”Qishloq joylarda gazlashmagan xonadonlarda yashovchilar oʻtgan yili oktabrda berilgan vaʼdaning ijrosini hali ham kutmoqda va bu ketishda yana kutadi. Albatta, masala bironta oʻgʻri oligarxga imtiyoz berish bilan bogʻliq boʻlganida necha kunda yashirin qaror bilan maʼqullab berilgan boʻlardi, bilganlar biladi. Lekin gap millionlab oʻzbekistonliklar haqida ketmoqda. Vaʼda vaʼdaligicha yoki reja rejaligicha qolib ketishi ehtimoli afsuski, yana juda yuqori, agar 2026 yil byudjetida ikki gazlashmagan xonadonlarga imtiyoz bilan bogʻliq masala aks etmagan boʻlsa. Oʻzi buni imtiyoz deb atash ham oʻrinsiz, bu gazlashmagan xonadonlarda yashovchilarning haqi aslida. Bunga qoʻshimcha subsidiyalash ham kerakmas”,- deya munosabat bildirgan.
Vaqt.uz nashrida eʼlon qilingan xabarda, Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov yangi imtiyozlar tizimi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va yil oxirigacha hukumatga rasmiy taklif kiritilishi haqida maʼlumot keltirilgan. Bundan tashqari, vazir : “2026-yil 1-yanvardan bu aniq joriy etiladi, degan fikr unchalik to‘g‘ri emas”, -deya taʼkidlagan.