Telegram-kanallarda aksirganda og‘iz-burunni to‘smaslik kerakligi va bir yig‘ilishda hijolat bo’lib og‘zi-burnini to‘sib aksirgan ayol vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Xabarda shifokor libosidagi kishi voqeaga izoh bera turib, aksirishni “ichga yutish”ning salbiy ta’sirlari haqida gapirgan. Biz aksirishni ushlab qolish o‘limga sabab bo‘lishi mumkinmi degan savolga javob topishga harakat qildik.
HUKM: HUKMSIZ
Amerika sog‘liqni saqlash ma’lumotlari provayderi “Healthline Media” aksirishni ushlab qolishning salbiy oqibatlarini tahlil qiladi.
Miya burunda yot jism sezganda aksirish uchun signal beradi. Bunga bakteriyalar, ifloslik, chang, mog‘or, gul changi yoki tutun kabilar sabab bo‘lishi mumkin. Aksirish burunni turli ta’sirlar natijasida kasallanish yoki jarohatlanishdan saqlaydi.
Gavjum joyda, odamlar bilan gaplashayotganda yoki boshqa holatlarda aksirishni ushlab turish kerak, degan fikr bor. Ammo tadqiqotlar aksirishni bostirish sog‘liq uchun xavfli bo‘lishini, ba‘zan esa jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi ko‘rsatdi.
Aksirish mutlaqo normal va tabiiy jarayondir. Aksirayotganda og‘iz va burunni to‘sish kabi oddiy etik va tibbiy qoidaga rioya qilish kifoya. Uni ushlab turish yoki ichga yutish esa noto‘g‘ri.
Aksirish davomida burundan soatiga 100 milya tezlikda shilliq tomchilar chiqishi mumkin. Uning bunchalik kuchli jarayon ekanligi bosim bilan bog‘liq. Aksirayotganda tananing nafas olish tizimida bosim hosil qiladi. 2016-yilgi tadqiqotda olimlar aksirayotganda nafas yo‘li bosim darajasi har kvadrat dyum uchun 1 funt-kuch deb baholagan. Taqqoslash uchun: og‘ir mashg‘ulot paytida qattiq nafas olayotganda undagi bosim darajasi uchdan birini tashkil etadi.
Aksirishni ushlab qolsak biz ushbu bosimni 5-24 baravar ko‘proqqa oshiramiz. Bu esa jiddiy jarohatlarga olib kelishi mumkin:
- Quloq pardasining yorilishi. Mutaxassislarning ta‘kidlashicha, bu bosim quloq pardasining yorilishi va eshitish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Ko‘pincha yirtilgan quloq pardasi bir necha hafta ichida hech qanday tibbiy muolajasiz bitib ketadi, ammo ba‘zi hollarda jarrohlik amaliyoti talab etiladi.
- O‘rta quloq infeksiyasi. Xulosalarga ko‘ra, havoning burun yo‘llaridan quloqlarga qayta yo‘naltirilishi zararli ajralmani o‘rta quloqqa olib chiqib, infeksiyalanishni keltirib chiqarishi mumkin.
- Ko‘z, burun yoki quloq pardasidagi qon tomirlarining shikastlanishi. Kamdan-kam hollarda bo‘lsa-da, aksirish paytida ko‘z, burun yoki quloq pardasi qon tomirlariga zarar yetishi mumkin.
- Diafragma shikastlanishi. Diafragma bu ko‘krakning qorin bo‘shlig‘i ustidagi mushak qismidir. Kamdan-kam hollarda bo‘lsa-da, aksirish paytida diafragmadagi bosimli havoni ushlab turish o‘pkaning kollapsiga olib kelishi mumkinligi kuzatilgan.
- Anevrizma. Bu miya atrofidagi bosh suyagida qon ketishiga olib keladigan hayot uchun xavfli jarohatdir.
- Tomoqning shikastlanishi. Shifokorlar aksirishni ushlab turish natijasida tomoqning orqa qismi yorilib ketishi holatiga ham duch kelganlar. Bu shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladigan jiddiy shikastlanishdir.
- Qovurg‘alar shikastlanishi. Aksirishni ushlab turishga urinish qovurg‘aning sinishiga olib kelishi mumkin. Qovurg‘alarining shikastlanishi shikoyati bilan odatda katta yoshlilar murojaat qiladilar.
Aksirishni ushlab turish yurak xurujiga olib kelishi mumkinmi?
Aksirish ham, uni ushlab turish ham yurakning to‘xtab qolishiga olib kelmaydi. Bu yurak urishi tezligiga vaqtincha ta‘sir qilishi mumkin, ammo yurakning to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi holati kuzatilmagan.
Aksirishni ushlab turish o‘limga olib kelishi mumkinmi?
Aksirishni ushlab turish natijasida yuzaga keladigan ba‘zi jarohatlar jiddiy bo‘lishi mumkin. Miya anevrizmalarining, tomoqning yoki o‘pkaning yorilishi shular jumlasidandir. Yirtilgan miya anevrizmasi taxminan 40 foiz hollarda o‘limga olib keladi.
Qanday qilib aksirishni kamaytirsa bo‘ladi?
Buning bir necha usullari mavjud:
- allergiyani davolash;
- organizmni havodagi aksirishga olib keluvchi moddalar ta‘siridan himoya qilish;
- tik tushuvchi chiroqlarga qarashdan saqlanish;
- ortiqcha ovqatlanishdan qochish;
- gomeopatik burun spreyidan foydalanish kabilar shular jumlasidandir.
Xulosa: sizni aksirishga majbur qiladigan narsalardan qoching va kerak bo‘lganda tanangizning aksirishiga qo‘yib bering.