O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 87-son farmoniga ko‘ra 2023-yil yanvar oyidan boshlab Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, ayollarni zalolatga boshlovchi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish maqsadida “Ayol baxti” loyihasini amalga oshirish belgilangan edi. Xususan, Farmon bilan 2023-yil mart oyidan boshlab faol va ibratli yosh ayollarning tengdoshlariga murojaat bilan chiqishlarini nazarda tutuvchi ko‘rsatuv ssenariysini ishlab chiqish va namoyishini yo‘lga qo‘yish belgilangandi. Ko‘rsatuvlarni ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish vazifasi ham yuklatilgan.
Biz Farmonning mazkur bandi qay darajada bajarilganligini tekshirib ko‘rishga qaror qildik.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Youtube’dagi TTV telekanali sahifasida “Ayol baxti” nomidagi ko‘rsatuvning ilk soni 2021-yil oktyabr oyida taqdim qilingan. Mazkur sana bu ko‘rsatuvning Farmondagi vazifaga aloqador emasligini ko‘rsatadi.
Andijon viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan joriy yilning aprel oyida efirga uzatilgan ko‘rsatuvni tahlil qildik. U mazmun jihatidan “faol va ibratli yosh ayollarning tengdoshlariga murojaat bilan chiqishlarini nazarda tutuvchi ko‘rsatuv” emas, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, marhamatlik Oynagul opa bilan suhbatni namoyish etadi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida quyidagicha ma’lumot keltirilgan: “Mazkur vazifa doirasida bugungi kunda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi asosiy ijrochi, O‘zMTRK, O‘zA, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi ham bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha doirasida ayollarning baxti nimada aks etishi mumkinligi o‘rganildi. Shu asosda «Ayol baxti» rukni ostida ko‘rsatuv tayyorlash uchun ssenariy loyihasi tayyorlanmoqda. Ushbu loyiha bo‘yicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutida ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, ko‘rsatuvni nomlash, uning formasini shakllantirish, qahramonlarini tanlash, yoritishda foydalanish uslublari kelishildi. Har bir mas’ul tashkilot vakillari tomonidan takliflar eshitildi. Shuningdek, ko‘rsatuv tayyor bo‘lgach, uni ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi”.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimiga ko‘ra, “O‘zbekiston” telekanali “Ayol baxti” ko‘rsatuvi doirasida Guliston shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor ayol Manzura Jiyanova faoliyatini yoritgan. Biroq bu ko‘rsatuv ham mazmun jihatidan Farmonda belgilangan “faol va ibratli yosh ayollarning tengdoshlariga murojaat bilan chiqishlarini nazarda tutuvchi ko‘rsatuv” talabiga javob bermaydi.
Shuningdek, mas’ulga ko‘ra, 2023-yil 26-avgust kuni efirga uzatigan “O‘zbekiston” telekanalidagi “Oila olami” ko‘rsatuvi “Ayol baxti” mavzusiga bag‘ishlangan. Ko‘rsatuv “O‘zbekiston” kanali va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil qilingan.

Mas’ul idora tomonidan taqdim etilgan surat
Xulosa qilib aytganda, “Ayol baxti” loyihasi ijrosi qoniqarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan, u haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot topish deyarli imkonsiz. Bu Farmonning ushbu bandi ijrosini qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi.