Ijtimoiy tarmoqlarda “30-sentyabrdan boshlab O‘zbekiston hududida foydalanish taqiqlangan dorilar ro‘yxati” tarqalmoqda.


Biz mazkur xabar haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishini tekshirib ko‘rdik.
HUKM: QISMAN ROST
Suratda aks etgan dori vositalari “Quramax Medical” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, O‘zbekistonda mazkur kompaniyaga tegishli “Dok-1 Maks” siropi bolalarga nojo‘ya ta’sir qilgani oqibatida 65 nafar bola halok bo‘lgandi.
O‘zbekiston hukumati Hindiston elchixonasiga bergan ma’lumotda usbu dori vositasi tarkibida etilenglikol moddasi tibbiy qoidalarda ko‘zda tutilgan normadan 300 barobar yuqori ekani aniqlangani aytilgan.
Ushbu voqealar fonida sog‘liqni saqlash vaziri “Quramax Medical” kompaniyasining barcha dorilarini sotishni to‘xtatishga ko‘rsatma bergandi.
Shundan so‘ng SSVning Telegramdagi rasmiy sahifasiga ko‘ra, “chuqurlashtirilgan sifat nazorati natijalariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” hamda “Ambronol” dori vositalarining ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligi ma’lum bo‘ldi, shuni inobatga olgan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi salomatligini muhofaza qilish va qolgan dorilarni ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish maqsadida ehtiyot chorasi sifatida “Quramax Medical” MCHJ tomonidan 2022 yil yurtimiz hududiga olib kirilgan barcha preparatlar sotuvini to‘xtatdi”.
SSV sotuvi to‘xtatilgan preparatlar ro‘yxatini suratda taqdim etdi:

SSV huzuridagi “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi matbuot kotibiga ko‘ra, hozirda “Quramax”ga tegishli dori vositalarining taqiqlanishi haqida yangilangan ma’lumotlar yo‘q. Ya’ni dori vositalarini sotish taqiqlangani holati borasida hali ham qo‘shimcha ko‘rsatmalar va o‘zgartirishlar kiritilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 6-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida “Quramax Medical” MCHJ vakillari ishlab chiqaruvchining dorixonalarda qolayotgan boshqa dorilari sotilishiga ruxsat so‘ragan. “Biz advokatlik so‘rovi bilan vazirlikka murojaat qilib, ishlab chiqaruvchining 10 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi borligini, ayni paytda MCHJ ishlamayotganini, faoliyati to‘xtatilganini, ammo qarzdorliklari yuzaga kelganini aytib, ishlab chiqaruvchining dorixonalarda qolayotgan boshqa dorilari sotilishiga ruxsat so‘rayapmiz. Vazirlik “Quramax Medical” MCHJning guvohnomasi yo‘q degan javobni bermoqda. Shu masalaga e’tibor qaratib, yordam berilishini so‘raymiz” degan sudlanuvchining advokati. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi dorixonalarda ishlab chiqaruvchilarning 50 turdan ortiq, qiymati 28 milliard so‘mlik dorilari bor va ularning sifatsizligini, sog‘liq uchun zararli ekanini tasdiqlovchi faktlar yo‘q.
O‘zbekiston bo‘ylab dori vositalarining keng katalogini taqdim etuvchi “Arzon apteka” xizmati bazasida ham, milliy mahsulotlar katalogida ham “Quramax”ga tegishli dori vositalari uchramaydi.