Videodagi hukumat rahbari go‘yoki firibgarlar yetkazgan zararni qoplashga va’da bergan.
Factchecknet.uz ma’lumotni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: FEYK
Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov suratidan dipfeyk yaratishda foydalanilgani haqida xabar berdi. Videoda sun’iy intellekt yordamida qayta ishlangan ovoz ham ishlatilgan.
“Fuqarolar ishonchidan foydalanib, sarmoya va’da qilib, ularning soʻnggi pullarini oʻgʻirlayotgan internet-firibgarlar ustidan koʻplab shikoyatlar kelib tushganligi sababli biz broker va firibgarlar tomonidan oʻgʻirlangan pul mablagʻlarini qaytarish va qoplash boʻyicha Qoʻmita tuzdik. Sizni ishontirib aytmoqchimanki, barcha kompensatsiyalar toʻlanishini shaxsan oʻzim nazorat qilaman. Advokatlarimiz ko‘rsatmalariga amal qiling va barcha mablag‘laringiz sizga o‘n baravar miqdorda qaytariladi”, — deyiladi xabarda.
Aslida esa bunday qo‘mita tuzilmagan va Bosh vazir bunday murojaat qilmagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, soxta firmalar va advokatlar firibgarlar tomonidan jabrlanganlarga goʻyoki yordam berish bahonasida faollashgan. Kiberxavfsizlik markazi bunday xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi. Aldangan fuqarolar bunday soxta xabarlarga ishonib, yana pullarini yo‘qotish xavfi bor.
Ilgari bunday sxemalar Rossiya Internet segmentida paydo boʻlgan. Firibgarlar “brokerlar tomonidan oʻgʻirlangan” pul mablagʻlarini, shu jumladan charjbek protsedurasi yordamida, ya’ni bank kartasi orqali inson rozi boʻlmagan toʻlovni qaytarish yoʻli bilan qaytarib berishga va’da berishgan.
Ularning nishoni firibgarlarning harakatlaridan jabrlangan va pullarini qaytarib olishni istagan odamlardir. Tahlilchilar bunday fishing saytlarining oʻsishini ta’kidlamoqdalar, faqat avgust oyining oʻzida ularning soni mingdan oshgan. Veb-resurslardagi ma’lumotlar realdek koʻrinadi va fuqarolarni aldab, ularning hisob-raqamlari yoki bank kartalari bilan bogʻliq ma’lumotlarini qoʻlga kiritishga qaratilgan.Avvalroq Factchecknet.uz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, tadbirkor Alisher Usmonov va xonanda Sevara Nazarxonning tasvirlari soxta video va reklama xabarlarida qanday qo‘llanilgani haqida xabar bergan edi.