“Ko‘k” kartochkani yozda ayollar va yoshlar futbolida, shuningdek, quyi ligada sinab ko‘rish rejalashtirilgan edi.
Shuningdek, yangilik keyingi mavsumdan, Angliya kubogi boshidan kuchga kirishi haqida ham ma’lumotlar bor edi.
Bu haqdagi xabar bir qator ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
Factchecknet.uz ushbu ma’lumotni tekshirib, uning qanchalik ishonchli ekanligini aniqladi.
HUKM: QISMAN ROST
Jurnalistlar “The Telegraph” nashriga tayangan, u esa, o‘z navbatida, qaror 9-fevral, juma kuni e’lon qilinishini ma’lum qilgan. Biroq, shu kuni boshqa ma’lumot paydo bo‘ldi – e’lon sanasini kechiktirish haqida. Ushbu o‘zgarishlarga FIFAning Shveytsariyaning Tsyurix shahridagi shtab-kvartirasida joylashgan FIFAning media bo‘limi xabari ta’sir ko‘rsatdi.
Hozir futbolda ikkita kartochka bor: sariq va qizil. Aytishlaricha, ko‘k kartochka ularning o‘rnini bosmaydi, balki to‘ldiradi. Yangi kartochkani olgan o‘yinchi 10 daqiqaga o‘yindan chetlashtiriladi. Yangi chora faqat ikkita holatda qo‘llaniladi: biri yaqqol “taktik fol” (masalan, raqib xavfli qarshi hujumga o‘tganda), ikkinchisi esa vaqtni har qanday tarzda cho‘zish, qoida yaratuvchilarning fikriga ko‘ra, hatto arbitr bilan suhbat ham shunga kiradi.
FIFA X ijtimoiy tarmog‘ida “ko‘k kartochka” haqidagi xabarlar noto‘g‘ri va vaqtidan ilgari ekanligini aytdi.
“Agar bu kabi har qanday sinovlar amalga oshirilsa, quyi darajadagi mas’uliyatli testlar bilan cheklanishi kerak”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, FIFA kun tartibidagi ushbu masala 2-mart kuni bo‘lib o‘tadigan IFAB (futbolda hakamlik standartlarini belgilovchi mustaqil institut) yillik umumiy yig‘ilishida muhokama qilinganida ma’lumotni tasdiqlash niyatida ekani qayd etilgan.
“The Telegraph” ushbu xabar e’lonidan so‘ng, futboldagi “ko‘k” kartochkalar salbiy munosabat tufayli keyinga qoldirilgani haqidagi xabar bilan chiqdi.
Fikrlar turlicha edi. “Chelsi” bosh murabbiyi Maurisio Pochettino ko‘k kartochkalar arbitrlar va o‘yinchilarning ishini qiyinlashtirishini aytdi. Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ko‘k kartochka hakam ishini qiyinlashtirmasligiga ishonchi komil emasligini ta’kidladi. “Tottenxem” bosh murabbiyi Angelos Postekoglou, aksincha, ko‘k kartochkalar joriy etilishi futbolni barbod qilishi mumkinligini aytdi.
Shunday qilib, futbolda haqiqatan ham ko‘k kartochka haqida gap bo‘lgan, ammo yakuniy qarorga kelgunga qadar uning joriy etilishi haqida gapirishga hali erta.