Internetda qandli diabetni davolashi aytilayotgan vosita reklamasi aylanib yuribdi. Faktcheknet.uz vosita haqidagi ma’lumotlarni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: YOLG‘ON
Reklama matniga ko‘ra, Ryaskin Vladimir ismli shaxs rus shifokori sifatida diabetni davolashning mavjud usullari va ularning zararli oqibatlari haqida gapiradi.
Shuningdek, “Tiran Diabet” vositasi diabetni uy sharoitida osongina davolashini ta’kidlab o‘tadi. Reklama materialida bir qancha rus mashhur insonlari shu vosita yordamida shifo topganligi keltirilgan:

Masalan, taniqli rus teleboshlovchisi Boris Korchevnikovning kasallik bilan bog‘liq so‘zlari kontekstdan yulib olinib, bir nechta bu kabi dori vositalari reklama materiallarida ishlatilgan. Birinchi manbada u go‘yoki “Tiran Diabet” vositasini, keyingi havolada “Alformin” vositasini tavsiya qilgan. Igor Nikolayevning ham, quyidagi suratdagidan farqli o‘laroq, dori vositasi bilan bog‘liq fikrlari mavjud emas.

Global qidiruvda Ryaskin va reklamadagi mashhur insonlarning ushbu vosita bilan aloqasi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Shuningdek, SSV huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiyot texnikalari uchun berilgan muvofiqlik sertifikatlari monitoringining yagona axborot tizimida ham “Tiran Diabet” vositasi haqida ma’lumot uchramaydi.
Reklama materialida vositani o‘yinda ishtirok etish orqali chegirma asosida sotib olish mumkinligi aytiladi. Bu, qandaydir ma’noda, uning samaradorligini shubha ostiga oladi.

Bundan tashqari, reklama materialida joylashtirilgan sharhlar sanasida noaniqlik bor. Saytga qaysi kunda kirilsa, ijobiy sharhlarning sanasi o‘sha kunga o‘zgarib qolaveradi.
Ushbu dori vositasiga tegishli yana bir reklama havolasini topish imkonini berdi. Uning birinchi sahifasidanoq “Biologik faol qo‘shimcha — dori vositasi emas!” iborasi yozib qo‘yilgan. BAD tarkibi topinambur moddasidan iboratligi ko‘rinadi.

Topinambur tarkibidagi ko‘p miqdordagi inulin moddasi diabetda yordam berishi aytiladi. Biroq reklama matnlarida da’vo qilinganidek, ushbu vosita qandli diabetni to‘liq davolay olmaydi va uni qo‘llash davomida dori-darmon terapiyasini to‘xtatib qo‘yish tavsiya qilinmaydi. Bu haqida Youtube’dagi 76 ming kuzatuvchiga ega “Diabetni davolash” sahifasi yaratuvchisi, endokrinolog Umidjon Shayusupov diabetda inulin ta’siri haqida so‘z borgan video-efirida aytadi. Unga ko‘ra, topinambur tarkibidagi inulin haqiqatan ham shakar miqdorini pasaytirish xususiyatiga ega, lekin topinambur qabuli yetarli deya hisoblab, terapiyani to‘xtatib qo‘yish tavsiya qilinmaydi.

Shifokor sharhlab bergan mana bu ilmiy tadqiqotda 1346 ishtirokchi qatnashgan o‘ttiz uchta sinov o‘rganilgan.
“Tiran diabet”ga qaytamiz
Vositaning ishlab chiqaruvchisi sifatida “Effect-Pro-Group” MChJ ko‘rsatilgan. Registr.stat.uz taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, tuzilma 2021-yilda farmatsevtik preparatlarni ishlab chiqarish maqsadida ro‘yxatdan o‘tgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, reklama materiallarida ko‘rsatilgan “Tiran Diabet”ga bog‘liq rus mashhur shaxslari va shifokori bilan bog‘liq ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, biologik faol qo‘shimcha qandli diabetda yordam berishi mumkin, ammo uni to‘liq davolamaydi.