“Salom, vatandosh!” ijtimoiy-ma’rifiy loyihasi amalga oshdimi?

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash” nomli maqsadi doirasida “xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbek ziyolilari, ma’rifatparvarlarini mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida birlashtirish, ular bilan ilmiy-ijodiy muloqot maydonlarini yaratish maqsadida “Salom, vatandosh!” ijtimoiy-ma’rifiy loyihasini amalga oshirish” vazifasi belgilangan edi. Uning ijrosi 2023-yilning oktyabr oyiga rejalashtirilgan.

Factchecknet.uz ushbu vazifa ijrosi qay darajada ta’minlanganini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: BAJARILMAGAN

Hujjatga ko‘ra, mazkur tartib ijrosi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi va Yozuvchilar uyushmasi zimmasiga yuklatilgan.  

Topshiriq yuklatilgan tuzilmalarning har biri o‘z rasmiy saytlariga ega:

  1. Ma’naviyat va ma’rifat markazi – manaviyat.uz
  2. Madaniyat vazirligi – madaniyat.uz
  3.  Yozuvchilar uyushmasi – ijod.uz

Ushbu veb-sahifalarning hech birida “Salom, vatandosh” loyihasi haqida xabar yoki material uchramaydi. Nafaqat topshiriq ijrosi yuklatilgan tuzilmalar rasmiy sahifalari, balki, umuman, global qidiruv tizimida ham loyiha haqida (Lex.uz dagi ushbu vazifa belgilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidan tashqari) ma’lumot topishning imkoni yo‘q.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi loyihaga aloqador deya taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra,  “2023-yil 9–20-oktyabr kunlari mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi a’zolari va  vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlikliklardan mas’ullar, adabiyot va san’at vakillari, OAV vakillaridan iborat 32 kishilik delegatsiya Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan. Delegatsiya a’zolari Rossiya Federatsiyasining qator hududlarida bo‘lib, hamkor davlat hukumati mutasaddilari, mahalliy hokimiyat vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar bilan Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 50 dan ortiq ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan… 25 mingdan ortiq mehnat muhojirlari va xorijda tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilgan”.

Biroq ushbu chora-tadbirlar “xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbek ziyolilari, ma’rifatparvarlarini mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida birlashtirish, ular bilan ilmiy-ijodiy muloqot maydonlarini yaratish maqsadida” tashkil qilinishi kerak bo‘lgan “Salom, vatandosh!” ijtimoiy-ma’rifiy loyihasi g‘oyasiga aloqador emasdek ko‘rinadi.


Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.