Bunday imkoniyat borligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda gapira boshlashdi. Internetning o‘zbek segmentida “Olimlar sport zaliga borish o‘rnini bosuvchi tabletka yaratdi” sarlavhali postlar paydo bo‘ldi. Bu haqiqatan ham shundaymi?
Taklif jozibali ko‘rinadi. Mualliflar yangi kimyoviy birikmalar haqida AQSh tadqiqotchilariga havola qilgan holda yozishmoqda. Aytishlaricha, aynan ular mashg‘ulotlarsiz yoki sport zaliga bormasdan mushaklarni o‘stirish imkoni beradi.
“Ushbu dori ortiqcha vaznli, atrofiyasi bo‘lgan odamlarga va sport zaliga borishga yoki yugurishga erinadiganlarga yordam beradi”, – deyiladi xabarda.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Xuddi shu mazmundagi boshqa manbalaridan olingan xabarlar va maqolalarda (1, 2, 3) “Newsweek” nashrining skrinshoti keltiriladi.
Sayt haqiqatan ham mutaxassislarning yangi tadqiqoti haqidagi materialni chop etdi. Ammo bir nechta jihatlar mavjud. Tabletka hali yaratilmagan, uning organizmga ta’siri endigina o‘rganilmoqda. U faqat tajriba sichqonlarida sinalgan, maqolaga ko‘ra, odamlarda sinovlar hali o‘tkazilmagan. Mahsulot birinchi navbatda sport bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘lmagan insonlar uchun mo‘ljallanganligi ham muhimdir.
“Barchamiz bilamizki, jismoniy mashqlar tana va ong uchun juda foydali, ammo hamma ham sport bilan shug‘ullana olmaydi. Shuning uchun tabletka foydali bo‘lishi mumkin, chunki u qariyotgan, ma’lum kasalliklarga chalingan yoki boshqa dorilarni qo‘llash paytida mushaklarning bir qismini yo‘qotadigan odamlar uchun jismoniy mashqlar effektini imitatsiya qiladi yoki kuchaytiradi”, – dedi tadqiqot muallifi, Sent-Luisdagi Vashington universiteti tibbiyot maktabining anesteziologiya bo‘yicha professori Bahaa Elgendi.
Maqolada aytilishicha, tabletkadagi kimyoviy moddalar jismoniy mashqlarning mushak hujayralari o‘sishi va metabolizmga ta’sirini imitatsiya qilishi mumkin, shuning uchun tibbiy sabablarga ko‘ra sport bilan shug‘ullana olmaydigan yoki mushaklar atrofiyasiga olib keladigan tibbiy holatga ega bo‘lgan odamlarda potentsial mushaklar atrofiyasi va kuchsizligini kompensatsiya qilishi mumkin.
“Men mashqlarning o‘rniga dori qabul qilishni yoqlamayman, har holda men kabi dangasalar bu dorilardan foydalanishlari mumkin. Harakat qila olmaydigan, mushaklar distrofiyasi bilan og‘rigan odamlar, ayniqsa bolalarni ko‘rsam doim qiynalib ketardim. Dori bu kasalliklarni davolash uchun davo bo‘lishiga 100 foiz ishonchim komil emas, lekin hech bo‘lmaganda ba’zi odamlarning hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi”, – deydi Elgendi.
Aytgancha, 2015-yilda shunga o‘xshash xususiyatlarga ega tabletkalar haqida xabarlar paydo bo‘lgan va ular sport o‘rnini bosishi mumkinligi haqida va’dalar ham bor edi. O‘shanda tadqiqotni avstraliyalik va daniyalik olimlar olib borishgandi. Biroq, preparatlarni ommaviy ishlab chiqarish hali ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Factchecknet.uz avvalroq internetda ular yordamida go‘yoki ozish mumkinligi aytilayotgan “Ampli 5” magnitli bilaguzuklari va “Slim Patch” plastirlari reklama qilinayotgani haqida xabar bergan edi.
Agar mushak o‘stirish uchun tabletkalar paydo bo‘lsa, ular albatta muvaffaqiyat qozonadi. Ba’zi shubhali ozdituvchi dorilarning zararli reklamalari allaqachon o‘z auditoriyaga ega bo‘lmoqda. Haqiqiy samara beradigan mahsulot chiqsa nima bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring.
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.