Italiya bu davlatga ko‘chishni istaganlarga 32 ming yevrodan beryaptimi?

Telegram kanallarida Italiyadagi dam olish va kurort shaharlariga ko‘chib o‘tish uchun 430 million so‘m berilishi aytilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

“Italiya hukumati Toskana hududiga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan har bir kishiga 32 ming yevro ajratadi. Rasmiylar tog‘li aholi punktlarini shunday jonlantirmoqchi. Tanlash uchun 76 ta joy bor: plyajlar yoki tog‘larda, uy sotib olish va obodonlashtirish uchun puli bilan, shuningdek, birinchi vaqt uchun mablag‘”, – deyiladi xabarda.

HUKM: YOLG‘ON

Bu bayonot unchalik to‘g‘ri emas. Italiya hukumati Toskanaga ko‘chib o‘tishni istagan har bir kishiga 32 000 yevro ajratmaydi.

Aslida,  “Residenzialita in Montagna” (“Tog‘larda uy”) deb nomlangan dastur mavjud bo‘lib, unga ko‘ra Toskana hukumati mintaqadagi aholisi besh ming kishidan kam bo‘lgan 76 ta tog‘li shahar va qishloqlardan biriga ko‘chib o‘tishga qaror qilganlarga subsidiyalar berishga tayyor. 

Subsidiya miqdori aholi punktidagi aholi soniga bog‘liq:

  • aholisi ming kishigacha bo‘lgan hududlarda €10 ming;
  • aholisi ikki ming kishigacha bo‘lgan aholi punktlarida €20 ming;
  • aholisi besh ming kishigacha bo‘lgan aholi punktlarida €30 ming.

Subsidiya uy-joy sotib olish va ta’mirlash uchun ishlatilishi mumkin, lekin uni ijaraga olish uchun emas.

Quyidagi qoidalarga ahamiyat bering:

– dastur faqat Italiya, Yevropa Ittifoqi fuqarolari va Italiyada yashash uchun ruxsatnomaga ega bo’lganlar uchun;

– ariza beruvchilar Toskanadagi ko‘chmas mulk egalari bo‘lmasligi kerak;

– subsidiya uy-joy sotib olish va ta’mirlash xarajatlarining 50 foizini qoplash shaklida beriladi;

– ariza topshirishning oxirgi muddati: 2024-yilning 27-iyul kuni.


Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.