Ijtimoiy tarmoqlarda hind kinoijodkorlari Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan film olgani haqidagi xabarlar hamda filmning treylerlari tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Madaniyat vazirligidan tortib, katta auditoriyaga ega rasmiy nashrlar (1, 2, 3) va blogerlargacha (1, 2) bu film haqidagi xabarlarni ulashdi. Film haqida asosiy ma’lumot beruvchi treyler va tizerlarga e’tibor berib qaralsa, e’lon qilingan kadrlar boshqa filmlardagi sahnalarga juda ham o‘xshash ekanligini ko‘rish mumkin. Shuning uchun “Bobur – Mo‘g‘ul imperatori” filmi sahnalari va u haqidagi xabarlarni tekshirishga qaror qildik.
HUKM: YOLG‘ON
Ijtimoiy tarmoqlarda hind kinoijodkorlari Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film suratga olgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga ko‘ra, filmda Bollivudning yetakchi aktyor va aktrisalari, jumladan Shohrux Xon, Ajay Devgan va Ayshvariya Ray suratga tushgan, rejissyor Nitish Tivari, prodyuser Karan Johar ekanligi aytilgan. Xabarlarga filmning treyleri va tizerlari ham ilova qilingan. Ilk ma’lumot 2023-yilning oxirida Subhash Yadav nomli shaxs nomidagi saytda e’lon qilingan. Undagi xabarga ko‘ra, filmning nomi “Bobur – Mo‘g‘ul imperatori” deb nomlanib, Boburning memuar asari “Boburnoma” asosida suratga olingan. Filmning 2022-yilda suratga olinishi boshlangani va hozirda post-prodakshn bosqichida ekanligi, premyerasi esa 2024-yilda bo‘lib o‘tishi kutilgani haqida ham ma’lumotlar tarqalgan, ammo hech qanday ishonchli manbalar ko‘rsatilmagan.
Film olingani haqida ishonchli ma’lumot yo‘q
Xabarda aytilgan filmning rasmiy ishlab chiqaruvchisi “Yash Raj Films” kompaniyasining rasmiy saytida esa film haqida hech qanday ma’lumot topilmadi. Shohrux Xonning Instagram sahifasida ham film haqida post joylanmagan. Bundan tashqari, Shohrux Xon tomonidan asos solingan Hindistonning eng yirik kino ishlab chiqaruvchilaridan biri Red Chillies Entertainments ham film haqida biror bir yangilik e’lon qilmagan.
Film haqidagi xabarlar o‘zbek segmentida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik Boburni mug‘il imperatori deya talqin qilingani va aslida bu film nega o‘zimizda haligacha olinmagani to‘g‘risida savollar yoza boshladi. Shundan so‘ng Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov film haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
“Shu qatori meni ham bu holat qattiq tashvishga soldi va tegishli davlat tashkilotlari, elchixonalar bilan vaziyat yuzasidan ma’lumot olish uchun bog‘landim. Aytish lozimki, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda. Albatta, bu masalaga yana aniqlik kiritib, qo‘shimcha xabar beriladi.
Kinematografiya milliy agentligi bilan ham suhbatlashdik. Xabaringiz bor, O‘zbekistonda eng qadimgi o‘tmishdan to yaqin tarixgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida sarkardalarimiz, allomalar haqida turkum filmlar yaratilmoqda. Bu loyiha ham tez orada o‘z samarasini berib, milliy o‘zligimiz bilan bog‘liq tariximiz ekranlarda gavdalanadi”, – deb yozadi Otabek Hasanov.
Aslida Bobur haqida hindlar avvalroq serial olgan va u 2021-yilda premyera qilingan. Serial nomi «The Empire» boʻlib, Diana Preston va uning turmush oʻrtogʻi Michael Preston tomonidan yozilgan “Empire of the Moghul” nomli tarixiy romanlar turkumi asosida yaratilgan. “The Empire” seriali Hindistondagi Boburiylar imperiyasi haqida boʻlib, asosan Bobur va uning avlodlari haqida hikoya qiladi. Bu serial 2021-yilda Disney+ Hotstar platformasi uchun Mitakshara Kumar tomonidan ishlab chiqarilgan. Serialning 1 fasl, 8 ta qismi e’lon qilingan. Bosh rollarni Kunal Kapoor (Bobur rolida), Dino Morea va Drashti Dhami kabi aktyorlar o‘ynagan.
Filmga tegishli treyler haqiqiy emas
Bollivud filmlari haqida mustaqil tarzda yangilik va treylerlar tayyorlovchi Uncut Studio YouTube kanali film haqida 4 ta treyler e’lon qilgan. Treylerdagi sahna, ovoz va qahramonlar qiyofasini tekshirib ko‘rishimiz natijasida shu ma’lum bo‘ldiki, barchasi boshqa filmlardan qirqib yig‘ilgan kadrlar ekan.

Treylerdagi aksar jang sahnalari va boshqa kadrlar “King Arthur” filmi va “The Empire” seriali treyleridan qirqib olingan.

Film haqidagi yana bir treylerda toj kiyish sahnasi bor, bu animatsiya sun’iy intellekt orqali yaratilgani detallarning noodatiy shaklidan sezilib turibdi. Bu sahna “Total War: Attila” video-o‘yini afishasini o‘zgartirish orqali yaratilgan.