Ijtimoiy tarmoqlarda Ibn Sino bel og‘rig‘i va surunkali og‘riqlarni olmalar bilan davolagan degan xabar tarqalmoqda.
“Agar bel og‘rig‘i buyrak toshlari sababli yuzaga kelgan bo‘lsa, kuniga 3–5 dona olmadan 3–4 mahal yeyish kerak. Bir haftada og‘riqlardan xalos bo‘lasiz”, — deyiladi xabarda.
HUKM: YOLG‘ON
Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) haqiqatda tibbiy amaliyotida olmadan foydalangan, biroq bu mevaning bel yoki surunkali og‘riqlarni davolashda qo‘llanilgani haqida hech qanday ishonchli dalil yo‘q.
U o‘zining mashhur asari — “Tib qonunlari”da olmalarni foydali meva sifatida ta’riflab, ularning bir nechta ijobiy xususiyatlarini keltiradi: ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, xolesterin miqdorini pasaytiradi, immunitetni mustahkamlaydi, organizmni tozalaydi.
Shuningdek, olma yengil siydik haydovchi ta’sirga ega bo‘lib, toksinlarni chiqarishga yordam beradi. Ibn Sino olmalarni yangi holatda iste’mol qilishni, shuningdek, kompot, murabbo va pastila shaklida ham tavsiya qilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bel va surunkali og‘riqlarni davolash uchun faqat mevalar yetarli emas — bunday holatlarda kompleks yondashuv, aniq tashxis, dori vositalari va fizioterapevtik muolajalar zarur bo‘ladi. O‘zbilarmonlik bilan davolanish esa aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli, “Ibn Sino bel og‘rig‘i va surunkali og‘riqlarni olmalar bilan davolagan” degan da’vo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.