Yaponiyada tezlikni oshirish va yo‘ldagi chiziqlarni bosish qoidabuzarlik hisoblanmaydimi?

Ijtimoiy tarmoqdagi videoda aytilishicha, Yaponiyada yo‘l harakati nazorati tizimi shunday tashkil etilganki, haydovchilar yo‘ldagi oq yoki sariq chiziqlarni bosib harakatlanishi hamda belgilangan tezlikni biroz (masalan, 40 km/soat cheklov bor joyda 45–48 km/soatgacha yurish mumkin, 50-60 km/soatgacha yurilsa ham jarima qo‘llanilmasligi mumkin) oshirgani uchun politsiya tomonidan to‘xtatilmaydi va radarlar orqali jarimaga tortilmaydi. 

HUKM: MANIPULYATSIYA

Yaponiyada chiziqlarni bosish va qatorni o‘zgartirish qoidalari

Yaponiyada avtomobil haydovchisining yo‘l chiziqlarini kesib o‘tishi qat’iy tartibga solingan bo‘lib, chiziqning rangi va shakli hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun”ga (ingiliz tilida, yapon tilida) ko‘ra qoidalar quyidagicha farqlanadi:

  • Oq uzuq chiziq: Zarurat tug‘ilganda (masalan, oldindagi mashinani quvib o‘tish uchun) ushbu chiziqni bosib, qo‘shni qatorga o‘tishga ruxsat beriladi; 
  • Oq uzluksiz chiziq: Bu chiziqdan o‘ng tomonga (qarama-qarshi yo‘nalishga yoki qo‘shni qatorga) o‘tib harakatlanish odatda taqiqlanadi; 
  • Sariq uzluksiz chiziq: Bu eng qat’iy cheklovdir. Sariq chiziqni quvib o‘tish maqsadida bosish mutlaqo taqiqlanadi. Uni faqat yo‘lda kutilmagan to‘siq (masalan, buzilib qolgan mashina, ta’mirlash ishlari) paydo bo‘lgandagina aylanib o‘tish uchun bosish mumkin.
Yaponiyada tezlikni oshirish va yo‘ldagi chiziqlarni bosish qoidabuzarlik hisoblanmaydimi?

Yaponiya avtomobil federatsiyasi

Yuqoridagi qonunning 30-moddasiga asosan, sariq chiziqni bosish, shuningdek, piyodalar o‘tish joyi, chorrahadan 30 metr oldin va tunnellarda quvib o‘tish taqiqlanadi. Ushbu qoidalarni buzish yoki asossiz manyovr qilish (26-2-modda) odatda «Ko‘k chipta» (Blue Ticket) huquqbuzarligi hisoblanadi. Demak, oq va sariq chiziqlarni kesib o‘tishga ruxsat beruvchi va man etuvchi holatlar bor. 

Tezlikni biroz oshirish qonunbuzarlik hisoblanmaydimi?

Yaponiyada tezlik me’yorlari ikki turga bo‘linadi: yo‘l belgilari bilan ko‘rsatilgan cheklov tezligi va belgilar bo‘lmagan hollarda amal qiluvchi qonuniy tezlik. Qonunga ko‘ra, maxsus belgilar o‘rnatilmagan umumiy foydalanishdagi yo‘llarda maksimal tezlik 60 km/soat, avtomagistrallarda esa 100 km/soat (ayrim maxsus hududlarda 120 km/soatgacha) etib belgilangan. Agar yo‘lda tezlikni cheklovchi belgilar (masalan, mahalliy aholi ko‘p hududlarda 40 km/soat) mavjud bo‘lsa, haydovchilar yo‘l holatidan qat’i nazar, ushbu belgilarga rioya qilishlari shart. Agar haydovchi 40 km/soat belgilangan joyda 45-60 km/soat tezlikda harakatlansa, yuridik jihatdan javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu yerda muhim bir jihat ham bor: 

  1. Kameralar (Orbis): Ular odatda kichik qoidabuzarliklarni suratga olmaydi. Huquqiy amaliyotga ko‘ra, kameralar asosan jinoiy ish ochishga sabab bo‘ladigan jiddiy tezlikni (belgilangan tezlikdan shahar ichida +29 km/soat, katta trassada +39 km/soat dan yuqori bo‘lsa) qayd etishga sozlangan. Lekin shahar ichida belgilangan tezlikdan 15 km/soatga oshishni ham qayd etishi mumkin ekan; 
  2. Politsiya inspektori: yo‘l patrul xizmati xodimlari uchun «kamera chegarasi» amal qilmaydi. Ular haydovchini kichik tezlik oshirish uchun ham to‘xtatib, bayonnoma rasmiylashtirishi va jarima yozishi mumkin.

Yaponiyada yo‘l harakati jarima chiptalari (Traffic Tickets) bilan tartibga solinadi:

  • Oq chiptalar (White Tickets): Eng yengil qoidabuzarliklar (masalan, kamar taqmaslik). Pul jarimasi yo‘q, faqat haydovchilik guvohnomasiga jarima ball yoziladi;
  • Ko‘k chiptalar (Blue Tickets): o‘rtacha qoidabuzarliklar (tezlikni ozroq oshirish, telefonda suhbatlashish). Belgilangan jarima to‘lansa, jinoiy ish ochilmaydi va sudga borilmaydi; 
  • Qizil chiptalar (Red Tickets): Og‘ir qoidabuzarliklar (mastlik, tezlikni katta farq bilan oshirish). Ish sudga oshiriladi, guvohnoma olib qo‘yiladi va qamoq yoki katta miqdorda jarima belgilanishi mumkin; 
  • Sariq stikerlar: Noto‘g‘ri parkovka qilinganda avtomobilga yopishtiriladi. Politsiyaga borib jarima to‘lash talab etiladi.
Yaponiyada tezlikni oshirish va yo‘ldagi chiziqlarni bosish qoidabuzarlik hisoblanmaydimi?

Yaponiyada tezlikni oshirish jarima balli va ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi

(Google sheets)

Yaponiyada “Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun”ga ko‘ra, tezlikni belgilangan me’yordan 1 km/soatga oshish ham qoidabuzarlik sanaladi. Biroq statistika shuni ko‘rsatadiki, amalda kichik qoidabuzarliklar kamdan-kam jazolanadi. Masalan, 2020-yilda qayd etilgan 1 milliondan ortiq tezlik bilan bog‘liq qoidabuzarlik ichida tezlikni 15 km/soatgacha oshirish bo‘yicha 199 ta, 2022-yildagi 930 mingta holatda esa bor-yo‘g‘i 130 ta jarima yozilgan. Aksincha, tezlik 15 km/soatdan oshganda jarimalar soni keskin ko‘payib, 280 mingtadan oshgan. Garchi qonunda har qanday tezlikni oshirish qoidabuzarlik hisoblansa-da, 15 km/soatgacha bo‘lgan tezlik oshirishlar uchun jarima qo‘llash holatlari kam uchragan, bu jihat yuqoridagi blogerning tezlikka oid da’volariga qisman mos kelishi mumkin.