2021-yil avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti sportchilarni tabriklar ekan, Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovlarning sport mahorati maktablarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Shuningdek, ularning mehnat qilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish kerakligi ta’kidlandi.
Factchecknet.uz belgilangan vazifalarni amalga oshirish xronologiyasini ko‘rib chiqdi.
HUKM: BAJARILGAN
2021-yil oktabr oyida Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki soni bo‘yicha jahon rekordchisi Oksana Chusovitina Yashnobod tumani Davlat xizmatlari markazida “Chusa sport team” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi tashkilotning maqsadi sport-ma’rifiy tadbirlarini amalga oshirishdir.

Davlat xizmatlari markazi surati
2021-yil noyabr oyida Prezident qarori bilan Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov nomidagi sport mahorati maktablarini tashkil etish va ular uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilish topshirilgan edi.
2022-yil mart oyida Oksana Chusovitina nomidagi gimnastika bo‘yicha sport mahorat maktabini tashkil etish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi, unda yangi inshoot Sport vazirligi tizimida bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, maktab o‘z faoliyatini 2022-2023 o‘quv yilidan boshlashi va 1-11-sinflarga 165 nafar o‘quvchini qabul qilishi aytildi. Uni yaratish va jihozlash uchun davlat budjetidan 25 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.
2023-yil dekabr oyida Oksana Chusovitina o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videoni joylashtirgan edi. Unda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yangi bino haqida so‘z boradi. Hamyurtimiz videoga “Tez orada mening eng ezgu orzuim amalga oshadi”, deb imzo chekkan. Davlatimiz rahbari mazkur muassasaga tashrif buyurganidan so‘ng, maktab 5-11-sinflarning 105 o‘quvchisiga mo‘ljallangani, 165 o‘rinli yotoqxona ham mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, u yerda 91 nafar bola tahsil olayotgani aytildi.
Mashhur bokschi uchun maktab tashkil etish to‘g‘risida Prezidentning alohida qarori ham chiqdi. Unda ham faoliyat boshlanishi — 2022-2023 yillar, Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘ bir xil bo‘lsa-da, bandlik koeffitsienti va yosh toifasi boshqacha — 5-11-sinflarda 175 nafar o‘quvchi, deyilgan edi.
Va’dalardan uch yil o‘tib, 2024-yil 5-mart kuni Prezidentimiz Toshkent shahrida barpo etilgan Bahodir Jalolov nomidagi boks bo‘yicha sport mahorati maktabiga tashrif buyurdi.

Prezident matbuot xizmatidan olingan surat
Maʼlum qilinishicha, bino toʻrt qavatdan iborat. Boks maktabi 175 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, har yili 5-11-sinflar uchun 25 nafar o‘quvchi tanlab olinadi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, Jalolov nomidagi maktabga birinchi qabul 2022-yilda bo‘lib o‘tgan va bugungi kunda bu yerda 50 nafar iqtidorli o‘quvchi tahsil olmoqda.
Shunday qilib, ikkita maktab tashkil etish va’dasi ozgina kechikish bilan bo‘lsa-da, bajarildi.
Fakchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.