Telegram kanallari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra (1, 2, 3), bozorlarda 17-18 ming so‘mdan “aksiya” qilib sotilayotgan bananlar ichiga noma’lum shaxslar tomonidan “kasallangan qon” yuborilgan. Xabarda aytilishicha, bunday bananlar iste’mol qiluvchilarga virus yuqtirish maqsadida ataylab arzon narxda sotilmoqda.
Hukm: Yolg‘on
Bunaqa mazmundagi xabarlar yangilik emas. Fakt tekshiruvchilar va yangilik nashrlari “qon yuborilgan” yoki “OIV yuqqan” mevalar haqidagi virusli postlarni bir necha bor tekshirib, ularning sababi tasdiqlangan laboratoriya xulosalari emas, balki ijtimoiy tarmoqlardagi vahima va noto‘g‘ri talqin qilingan surat/videolar ekanligini aniqlaganlar (1, 2, 3). Odamlar videolarda ko‘rayotgan narsa – banan po‘stlog‘i va ichidagi qizil donachalar/dog‘lar – bu mevaning kasalligi (Nigrospora) yoki ichki rangning o‘zgarishi bo‘lib, inson qoni emas. Kanada oziq-ovqat nazorati agentligiga ko‘ra, zamburug‘ yoki bakterial infeksiyalar (va boshqa fiziologik buzilishlar) meva ichida qizil-jigarrang chiziqlar yoki dog‘larni keltirib chiqarishi mumkin. Bu o‘zgarishlar inson qonini yuborish emas, balki o‘simlik patologiyasidir. Bunday zararlangan yoki chirigan mevalarni oziq-ovqat sifati nuqtai nazaridan tashlab yuborish kerak.

Nigrospora qo‘ziqorni bilan zararlangan banan
Virusologiya va jamoat salomatligi nuqtai nazaridan, OIV (yoki shunga o‘xshash qon orqali yuqadigan viruslar) mevalar orqali tarqalishi haqidagi o‘ziga xos vahima biologik jihatdan asossizdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQSH Kasalliklarni nazorat qilish markazi kabi nufuzli tashkilotlar ta’kidlashicha, OIV faqat ma’lum tana suyuqliklari va yo‘llari (himoyalanmagan jinsiy aloqa, ifloslangan inyeksiya asboblarini almashish, tug‘ilish/emizish paytida onadan bolaga o‘tish) orqali yuqadi. Kundalik ovqat tayyorlash yoki iste’mol qilish OIV yuqish yo‘li hisoblanmaydi. Virus tanadan tashqarida uzoq vaqt yashay olmaydi va ovqat hazm qilish tizimi orqali biror kishiga yuqishidan ancha oldin faolligini yo‘qotadi.
OITS va OIV haqidagi ishonchli ma’lumotlar, miflar va noto‘g‘ri qarashlar haqida materiallarimizda batafsil bilib oling: